Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2021 yilda barcha ijtimoiy soha ob’yektlari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi

2021 yilda barcha ijtimoiy soha ob’yektlari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi

Foto: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusi doirasida III-yo‘nalishi «Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish» masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Matbuot anjumanida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish doirasida Vazirlik tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Respublika bo‘yicha 24 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Shundan 22 tasi 2019 yilda, 2 tasi 2020 yilda faoliyatini boshladi.

«Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi»larning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur jihoz hamda texnologik vositalar bilan jihozlandi.

Jumladan, ma’ruzalar zallari va kompyuterlashtirilgan o‘quv xonalarida telekommunikatsiya korxonalari xodimlarining malakasi hamda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirish, yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini o‘rgatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Markazlar kompyuterlar va zarur jihozlar, Wi-Fi hududi bilan ta’minlanib, endilikda unda tuman yoshlariga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar beriladi.

Mazkur markazlarda o‘qishlarni samarali tashkil etish maqsadida 14-30 yoshdagilar uchun dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratishga oid jami 19 ta fan dasturlari ishlab chiqildi.

Mazkur markazlarda xozirgacha 5,0 ming nafar tinglovchi o‘quv kurslarini yakunladi, hozir 600 nafar tinglovchi tahsil olmoqda.

Ushbu Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini 2020 yil yakuniga qadar 80 ta yetkazishga rejalashtirilmoqda. Bundan asosiy maqsad aholining kompyuter savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bulardan tashqari, vazirlik tomonidan 2019 yilda Hindistonning Amiti universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Amiti universiteti o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 1200 o‘rinli zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki «IT-Park» tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki «IT-Park» barpo etilyotganini, u hozirdanoq o‘zining dastlabki natijalarini bera boshlaganini ta’kidladi.

Shuningdek, bunday «IT-Park»lar Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etilishi aytildi. Hozirda ushbu xududlarda ishlar keng qamrovli olib borilmoqda. Shu bilan birga yoshlarni ushbu sohaga yanada qiziktirish maqsadida, Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlik doirasida «Bir million dasturchilari» (One Million Uzbek Coders) loyihasi amalga oshirilmoqda.

Respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini zamon talablari darajasida keskin rivojlantirish orqali Internet tarmog‘ini kengaytirish va buning natijasida barcha aholi maskanlarini, shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlarini, jumladan, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internet bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikada telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish orqali 2019 yil yakuniga qadar 3 433 ta umumta’lim maktablari, 1 836 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 1 127 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlariga jami 4 150 km optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan.

2020-2021 yillarda jami 12 mingta ijtimoiy soha ob’yektlari, ya’ni sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassalari va umumta’lim maktablarining yuqori tezlikdagi Internetga ulanishi ta’minlanadi.

Birgina 2020 yilda optik tolali aloqa liniyalari qurish orqali jami sog‘liqni saqlash muassasalarining 95 foizi (3 340 ta), umumta’lim maktablarning 86 foizi (8 710 ta) hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarini (5 707 ta) yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanishi ta’minlanadi.

2021 yilda esa barcha ijtimoiy soha ob’yektlari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi hamda chekka olis hududlardagi aholi maskanlarida ham telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring