Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri: «Dasturiy mahsulotlar eksporti hajmi 10 barobarga oshiriladi»

AKT vaziri: «Dasturiy mahsulotlar eksporti hajmi 10 barobarga oshiriladi»

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 26-sentyabr kuni Toshkent shahrida «ICTWEEK Uzbekistan-2018» haftaligi doirasida «DIGITAL UZBEKISTAN» forumi bo‘lib o‘tdi.

«O‘zekspomarkaz» anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan ushbu forum axborot texnologiyalari sohasida zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilish uchun ekspertlarning noyob platformasiga aylandi.

Foto: «Xabar.uz»

Tadbirda davlat organlari rahbarlari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, xalqaro ekspertlar va tahlilchilar, yirik mahalliy va xorijiy AKT-kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.

«DIGITAL UZBEKISTAN» forumi ochilishida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov so‘zga chiqdi.

— AKT haftaligining asosiy tadbirlaridan hisoblangan «DIGITAL UZBEKISTAN» forumi ishtirokchilarini qutlashga ruxsat bergaysiz, — dedi vazir. — Ishonchim komilki, O‘zbekistonning global axborot hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi, jamiyat va iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasi, AKTning kelgusi rivojiga oid masalalarni yechishda mazkur forum o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, jumladan, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish va raqamli infratuzilmaga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib bermoqda.

Shuhrat Sodiqov o‘z ma’ruzasida iqtisodiyotning kelajakdagi rivojlanishi ko‘p jihatdan zamonaviy axborot texnologiyalarini, dasturiy mahsulotlar va rivojlangan raqamli infratuzilmani amalga oshirish darajasiga bog‘liq bo‘lishini aytib, shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilgan ishlarni aks ettiruvchi bir qator faktlarni keltirdi. Elektron tijorat, blokcheyn texnologiyasi faol joriy qilinayotgani, aqlli va xavfsiz shaharlarni joriy etish uchun sharoitlar yaratilayotganini qayd etdi. Shuningdek, yaqin kelajakka oid rejalarga ham alohida to‘xtaldi:

— Avvalo, telekommunikatsiyalar infratuzilmasini investitsiyalar hisobiga yanada kengaytirish, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini joriy yilda 200 mln. dollarga va 2019-yilda 500 mln. dollarga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, joriy yilning oxiriga kelib, Xalqaro paketli kommutatsiya markazi o‘tkazuvchanligi tezligini 10 barobargacha oshirish, xalqaro internet-tarmoqlarga ulanish umumiy tezligini 1200 Gbit/s.gacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida iqtisodiyotning real sektorida amalga oshirilishi nazarda tutilgan uch yillik dastur asosida jami 2 trillion so‘mlik 67 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Oldimizga 2021-yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi axborot texnologiyalari ulushini kamida 4 foiz va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 10 barobar oshirish vazifasini qo‘yganmiz, — dedi u.

Foto: «Xabar.uz»

Forum ishida bir qator xalqaro ekspertlar, mahalliy va xorijiy davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari ishtirokida raqamlashtirish tendensiyalari va istiqbollari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 27-sentyabr kuni, AKT haftaligi doirasida «Softline CyberSecurity and Digital Transformation» forumi ham bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring