Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlovchi omil haqida gapirdi

AKT vaziri saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlovchi omil haqida gapirdi

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 22-dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Keyingi yillarda rivojlangan davlatlarning saylov jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilishi saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda asosiy omil sifatida qaralmoqda.

O‘z navbatida, saylov jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar olib borildi. Bu borada, Prezidentimizning 2018-yil 4-oktyabrdagi «Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy yetish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekistonda saylov jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy yetgan holda isloh qilish nazarda tutilgan bo‘lib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga bir qator vazifalar yuklatilgandi.

Bulardan biri Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish vazifasi edi.

Foto: «Xabar.uz»

Vazirning qayd etishicha, joriy yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining yangi tahririda kiritilgan qator yangiliklardan biri bu — saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidir.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatining asosiy vazifalaridan biri bu «bir saylovchi – bir ovoz» tamoyilini to‘liq va bexato amalga oshirishdir.

Belgilangan topshiriq doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, jahon tajribasini o‘rgangan holda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini ishlab chiqdi va bugun bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlari jarayonida qo‘llash uchun joriy etildi.

Mazkur tizim asosida yaratilgan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati bilan ishlashi uchun, barcha 6 720 ta saylov okruglari va 10 260 ta saylov uchastkalari internet tarmog‘iga ulandi.

Mavjud telekommunikatsiya tarmog‘i orqali internet xizmatlari bilan ta’minlashning texnik imkoni bo‘lmagan olis va tog‘li hududlardagi 40 ga yaqin saylov ob’yektlari yo‘ldoshli aloqa tizimi orqali internet tarmog‘iga ulandi.

Saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi saylov.gov.uz manzili bo‘yicha joylashtirildi.

Bugungi kunda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan to‘liq integratsiya qilingan bo‘lib, saylov oldi, saylov davri va saylov yakunlarida tezkor hamda aniq ma’lumotlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini to‘laqonli ishlashini ta’minlash maqsadida shakllantirilgan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida saylov yoshidagi 20,5 mln. dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolar kiritildi.

Shuningdek, mazkur axborot tizimda jami 6 720 ta Oliy Majlis, viloyat va tuman (shahar) saylov okruglari, 10 260 ta saylov uchastkalari hamda 170 313 ta uchastka saylov komissiyalarining a’zolari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar jamlangan.

Respublika bo‘yicha jami 35 mingdan ortiq okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari, operatorlari hamda siyosiy partiyalar a’zolarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalari oshirildi.

Operatorlar tomonidan axborot tizimida ishlash jarayonida yuzaga keladigan muammolarga tezkorlik bilan yordam berish maqsadida uzluksiz (24 soat) ishlaydigan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash (Call-center, 71 200 73 37) markazi tashkil etildi.

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining kiber-tahdidlardan himoya qilishga hamda uning uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rildi.

Bugun bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda sinov tariqasida 20 ta saylov uchastkalarda fuqarolar biometrik pasporti ma’lumotlarini identifikatsiya qilish qurilmalari ham qo‘llanilmoqda.

Ushbu qurilmalar Saylov jarayoni bilan integratsiya qilingan bo‘lib, saylovchilarga qulaylik yaratish, ya’ni saylovchini ro‘yxatga olish davrini qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, sinov tariqasida saylov jarayonlarini ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun hududlarda tanlab olingan 60 ta saylov uchastkalarida 120 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi va saylovlar jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoni yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti ham jahon standartlariga muvofiq takomillashtirildi.

Mazkur veb-saytda saylov bo‘yicha barcha ma’lumotlar joylashtirilgan. Elektron interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston saylov jarayoniga axborot-texnologiyalarini joriy yetish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar kelgusida saylov tizimini yanada mukammal shakllantirishga qo‘yilgan birinchi qadamdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring