Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Counter Strike» bo‘yicha 1 mln. dollarlik turnir finalida qatnashgan o‘zbek. Kim u?

«Counter Strike» bo‘yicha 1 mln. dollarlik turnir finalida qatnashgan o‘zbek. Kim u?

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 8-sentyabr kuni Germaniyada «StarLadder Berlin Major 2019» turniri finali bo‘lib o‘tdi. Sovrin jamg‘armasi 1 mln. dollarlik ushbu yirik turnir finaliga qadar yetib borgan «AVANGAR» jamoasi tarkibida yelkasiga O‘zbekiston bayrog‘ini tutib olgan yigit ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Tanishing: kibersport olamida «SANJI» nomi bilan mashhur bu yigit — Sanjar Kuliyev. Garchi Sanjarning jamoasi finalda juda nomdor raqib — Daniyaning «Astralis» jamoasiga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, turnirdagi yorqin o‘yinlari bilan «Counter Strike» ixlosmandlarida iliq taassurot qoldirdi. Final g‘olib  jamoasi turnirdan 500 ming dollar bilan uyiga qaytdi. Sanjar ishtirok etadigan Qozog‘iston jamoasi esa 150 ming dollarli bo‘ldi.

Sanjar Kuliyev o‘zi kim? U qanday qilib bunday yirik turnirlar yulduziga aylandi? E’tiboringizga Rossiyaning «Chempionat» nashri tomonidan uyushtirilgan intervyuni taqdim etamiz.

— So‘nggi turnirlardan keyin siz haqingizda ko‘p gapirila boshlandi. Biroq, afsuski, siz haqingizda ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. Keling, oddiy savoldan boshlaymiz: «Counter Strike»ga qiziqishingiz qachon uyg‘ongan?

— Hamma qatori, menimcha. Do‘stlarimiz bilan futbol, basketbol o‘ynaganmiz va bu o‘yinlardan biroz charchagan paytimizda «DotA» va «Counter-Strike» bo‘yicha bellashganmiz. Avvaliga unisiniyam, bunisiniyam o‘ynayverganman, keyinchalik aynan «Counter-Strike» meni o‘ziga ko‘proq jalb qilgan. Menimcha, unda individual faktorlar ko‘proq va unda o‘zingni ko‘rsatish, imkoniyatlaringni: tezkorlik, diqqatli bo‘lish, to‘g‘ri qaror qabul qilishni namoyish etish imkoni bor. «Dota»da ko‘p narsa sening o‘zingga bog‘liq emas.

— Va tezda kibersportga bor e’tibor qaratildimi?

— Ha, albatta! Men 12-13 yoshimda O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Afsuski, o‘sha paytlarda sayohat qilish imkoni yo‘q edi, bu unchalik rivojlanmagandi. Texnik jihatdan ham hammasi ko‘ngildagidek emasdi.

— O‘zbekistonda kompyuter o‘yinlariga kasb sifatida qanday qaraladi?

— To‘g‘ri qabul qilinadi. Do‘stlarim CS 1.6 vaqtidan o‘ynashadi va yirik turnirlarda qatnashishadi. Ota-onam esa bu kasb menga yoqishini va u pul keltirishini bilishadi.

— Texnik muammolarni hal qilish uchun qiziq yo‘l tutgan ekansiz — yangi kompyuter olish uchun Koreyaga ishlashga borgansiz. Bu g‘oya qanday kelgandi?

— To‘g‘risini aytsam, bu haqda gapirishni unchalik yoqtirmayman. Buni ajablanarli tomoniyam yo‘q. O‘shanda 18 yoshda edim. Koreyada yaqinlari bo‘lgan o‘zbekistonlik ko‘plab do‘stlarim shunday qilishgan. Bu qiyin emas. Men istalgan vaqtda Koreyadagi do‘stimga qo‘ng‘iroq qilishim mumkin edi, u yoqda onam yashardi. Shu sabab Koreyada o‘zimni suvdagi baliqdek his qilardim.

Ota-onamdan pul so‘ramaslik uchun men ham kompyuterga, ham o‘zim uchun pul ishlab topdim. Chunki pul so‘rasam o‘zimni noqulay his qilardim. Ishlab topgan pulim hisobiga men bemalol uyda qolib o‘yinga ko‘proq vaqt ajratishim mumkin edi.

Bu karera qilishingizga imkon berdimi?

— Bungacha professional jamoalarda o‘ynamasdim. Birdaniga FaceIT professional ligasiga chiqishga harakat qildim. Bunga taxminan yarim yilcha vaqt ketdi. Yakunda vazifani uddalay oldim. Albatta, internet bilan bog‘liq muammolar hamon saqlanib qolgandi, biroq boshqa choram ham yo‘q edi. Nima qilib bo‘lsa-da, professional darajaga ko‘tarilishim zarur edi.

— «Liquipedia»da aytilishicha, siz CS:GOda FPLni 2000 soatda bosib o‘tgansiz. Shu to‘g‘rimi?

— Bu CS 1.6ni hisobga olmaganda, albatta. Bizning versiya «Steam»siz edi, shuning uchun hech qanaqa statistika bo‘lmagan. Shunchaki o‘yin fizikasini tushunish lozim bo‘lgan. Umuman olganda bu o‘sha o‘yin, faqat xaritalar boshqacha. Gap shundaki, men o‘sha 2000 soat ichida kelajakda nima qilishimni, nimalarga erishishni xohlashimni tushunib yetganman. Men shunchaki zavq olish yoki fanatlik uchun o‘ynamaganman, o‘yinni tushunish uchun mashq qilganman. Shunchaki o‘ynashni men shundoq ham istalgan paytda qilishim mumkin edi.

— «AVANGAR»ga qanday kelib qolgansiz?

— Murabbiy Dastan Akbayev va tashkilot bosh direktori Yengun Kim meni chaqirishdi. Lekin jamoaga qo‘shilish uchun emas, avvaliga sinovlardan o‘tish uchun. Oson bo‘lmasligini bilardim, bor imkoniyatimni ko‘rsatishim zarur edi. Hamon imkoniyatlarimni ko‘rsatishga va isbotlashga urinaman. Biz kamida TOP-10ga kirishni xohlaymiz, buning uchun qattiq mehnat qilamiz. Ayniqsa, turnirlarda bizdan ko‘p narsa kutishlari katta bosim yuklaydi. Ko‘pchilik bizdan turnirda hech bo‘lmaganda TOP-2ga kirishimizni kutishadi. Bu ishonchni oqlash uchun biz bir necha barobar qattiqroq ishlashimizga to‘g‘ri keladi.

Yaqinda yirik turnir finaliga chiqdingiz. Turnir oldidan hayajonda ekaningizni bildirgandingiz, chempionatda bu hayajonni yenga oldingizmi?

— Hayajon har bir turnir oldidan bo‘ladi. Shunchaki u har xil qabul qilinadi. Men hanuzgacha o‘zimni qulay his qila olmayman. Misol uchun, menga sahnaga birinchi bo‘lib chiqishni so‘rashdi. Men esa: «Yo‘q, yo‘q, yo‘q!». Men sahnani yoqtirmayman, ko‘proq sahna ortida bo‘lishni ma’qul ko‘raman. Men shunchaki o‘z ishini qiluvchi ijrochiman. Aslini olganda hanuzgacha katta natijalarga erishganimni to‘liq anglab yeta olganim yo‘q.

— Kibersportchining yutug‘i uch jihatdan tashkil topadi: mahorat, mehnatsevarlik va omad. Nima deb o‘ylaysiz, sizning holatingizda qay biri birinchi o‘rinda turadi?

— Menimcha, avvalo mahorat. Keyin omad va mehnatsevarlik, 50 ga 50. Menga, masalan, «Syman Gaming» butkempiga borish omadi kulib boqqan. Biroq, bu mehnatsevarligim natijasi ham bo‘lgan. Axir, men o‘ynaganman va FaceIT murabbiyi e’tiboriga tushganman. Bilmayman, bu sodir bo‘lmaganida hozir nima bo‘lardi. Bu endi umuman boshqa tarix.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring