Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dasturlash qizlarga xos kasb...mi?

Dasturlash qizlarga xos kasb...mi?

Qizlarning AKTga qiziqishi yuqori.

Foto: «Technovation.uz»

Har bir kasbning o‘ziga yarasha mos va murakkab jihatlari bor. Ayniqsa, qizlar uchun. Bugun qizlarning o‘qituvchilik, shifokorlik, tikuvchilik kabi kasblarni egallashi an’ana tusini olgan. Ammo dunyo o‘zgaryapti, jahonda eng talabgir kasblarning barchasi axborot texnologiyalar sohasi bilan bog‘liq bo‘lib boryapti.

Mamlakatimizda AKT sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning 31,8 foizini ayollar tashkil etadi va bu raqam yildan-yilga oshib boryapti. O‘zbekistonda yetakchi texnik oliy o‘quv yurtlaridagi qizlar ulushi esa biroz pastroq — 16-22 foiz. Ammo bu yo‘nalish ham o‘sish pallasida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Belorus IT-kompaniyalari dasturchilarining uchdan bir qismini aynan ayollar tashkil etar ekan. O‘zimizda ham TATU va Toshkent shahridagi INHA universitetida ushbu sohani chuqur egallashni maqsad qilgan qizlar soni oshib bormoqda. «Technovation» texnologik ishlanmalar tanlovi mamlakatimizda ilk bor tashkil etilganiga qaramay, AKT va dasturlash, tadbirkorlikka qiziquvchi ko‘plab yoshlarni kashf etdi va  sohaga befarq bo‘lmagan qizlar soni kam emasligini isbotladi.

«Technovation Challenge» — bu qanaqa tanlov?

«Technovation Challenge» xalqaro tanlovi 2010-yildan buyon dunyoning qariyb 80 mamlakati, jumladan, ikki yildan buyon O‘zbekistonda ham o‘tkazib kelinmoqda. Bu texnologik  ishlanmalar tanlovi bo‘lib, uning doirasida qizlar jamoalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Jamoalar ustoz va murabbiylar rahbarligida dolzarb muammoni aniqlashi, uning yechimi bo‘yicha ilova yaratishi, loyihaning tijoriy amalga oshirilishi uchun zarur kompaniyaga asos solishi lozim.

E’tiborlisi, tanlovda ishtirok etish uchun dasturlash ko‘nikmasi talab qilinmaydi.

Unda asosiy talab qanaqa?

Asosiy talab — ishtirokchining ingliz tilini bilishi. Tanlov davomida tajribali murabbiylar ishtirokchi-qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturlash, jamoa bilan ishlash va auditoriya bilan muloqot qilish kabi ko‘nikmalarni  rivojlantirib borishadi.

O‘tgan yili «Technovation Challenge»ning saralash bosqichi — «Technovation Uzbekistan» tanlovi (technovation.uz — tanlovning rasmiy sayti) ilk bor tashkil etilib, unda oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari talaba-qizlaridan iborat 22 jamoa qatnashgan edi.

Joriy yilda jamoalar 10 yoshdan 15 yoshgacha va 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan ikki guruhga ajratiladi. Qizlarga tajribali ustozlar biriktirilib, ular 3 oy davomida dasturlash tillari va zamonaviy dasturiy mahsulotlar  arxitekturasiga oid bilimlarni o‘zlashtiradi. Bu ko‘nikmalar qizlarga ma’lum bir muammoni hal etishga yo‘naltirilgan o‘z mobil ilovasini yaratish imkonini beradi. Respublika tanlovining  yakuniy bosqichida ishtirokchilar biznes-reja bilan birga, qisqa video-taqdimot yaratib, hay’at a’zolariga o‘z loyihasini taqdim etishi lozim. Respublika saralash bosqichi g‘oliblari «Technovation Challenge» xalqaro tanlovining onlayn tartibida o‘tadigan  yarim finaliga chiqish uchun yo‘llanma oladi.

G‘olib San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi

Nomdor mutaxassislardan iborat xalqaro hay’at a’zolari dunyoning turli davlatlaridan yuzlab ishtirokchi qizlar ishi bilan tanishib chiqadi va ular orasidan 10 nafar eng yaxshi ishtirokchini aniqlaydi. Aynan shu jamoalar tanlovning San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Amina va Muazzamxon «Google» kompaniyasi ofisida.
Foto: «Technovation.uz»

O‘tgan yili xalqaro tanlovning yarim finaliga chiqqan O‘zbekistonning «Techno Squad» jamoasi Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan global finalga mehmon sifatida taklif etilgandi. Jamoa a’zolari (Amina va Muazzamxon) safar davomida AQShning yirik IT-kompaniyalari ofislari, jumladan, «Kremniy vodiysi»da joylashgan «Microsoft», «Google» kompaniyalari faoliyati bilan tanishishdi.

Global final tanlovida esa katta yosh toifasida Qozog‘istonning «/flash» jamoasi «QamCare» loyihasi bilan, kichik yosh toifasida Gonkong jamoasi «Dementia Care Companion» ilovasi bilan, «People’s Choice Award» nominatsiyasida Armanistonning «0ne Step Ahead» jamoasi «Armenian Sign Language» ilovasi bilan g‘olib bo‘lgan edi.

Shu emasmi aslida qizlarbop kasb?!

Qizlarning dasturlashni o‘rganishi, o‘z biznes loyihalarini yo‘lga qo‘yishga intilishi jahon miqyosida jadal ommalashib boryapti.

Bizda esa aksariyat hollarda qizlarimizning axborot texnologiyalari yo‘nalishini tanlamasligiga sabab — ular bu borada yetarli tushunchaga ega emasligi bo‘lyapti. To‘g‘rirog‘i, ular bu yigitlarga xos kasb deb o‘ylashadi. Lekin sohani mukammal egallab, masalan, dasturlashni yaxshi o‘zlashtirib, uyida o‘tirib ham yaxshi pul topsa bo‘ladi. Shu emasmi aslida qizlarbop kasb?!

Demak, ularni bu sohaga yo‘naltirish, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlash — ota-onalar va murabbiylarga ham ko‘p jihatdan bog‘liq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring