Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoga mashhur Angry Birds o‘yini asoschisi Toshkentga keldi

Dunyoga mashhur Angry Birds o‘yini asoschisi Toshkentga keldi

Foto: Muhammad al-Xorazmiy axborot texnologiyalari maktabi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bugungi davrda O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish uchun faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erishish mumkinligi ta’kidlangan edi. Va buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash zarur.

Yetuk va malakali kadrlarni tayorlashda eng ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanishda muhim o‘rin egallaydi. Hukumat tashabbusi bilan bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, xorijdan yurtimizga obro‘li va yuqori tajriba va malakaga ega mutaxassislar jalb qilinmoqda.

Jumladan, dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ziyod nusxada sotilgan mashhur Angry Birds (Jahldor qushlar) o‘yini asoschisi Piter Vesterbak 26-fevral kuni Toshkentga tashrif buyurdi.

Piter Vesterbak o‘yinlar ishlab chiqaruvchi Rovio kompaniyasining (Finlyandiya) marketing bo‘yicha direktori, Angry Birds o‘yini mualliflaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, u HP Mobile E-services Bazaar asoschisi; Mobile Monday, Edunation, Fun Academy, Lightneer, FinEst Bay Area va Slush kompaniyalarining hammuassisi hamdir.

Vesterbak TIME jurnali e’tirofiga ko‘ra, 2011-yilda «Sayyoraning eng obro‘li 100 odami» reytingiga kiritilgan, 2015-yilda shu reytingning eng yuqori o‘ntaligidan joy olgan. Bundan tashqari, Vesterbak ta’lim sohasidagi ishonchli hamkor bo‘lib, u talabalar harakatchanligini Finlyandiyadagi ishchi kuchining yetishmasligi muammosini hal qilish va Finlyandiyaning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishning asosiy omillaridan biri deb biladi. 2017-yilda u Finlyandiyada xalqaro talabalar sonini ko‘paytirishga yordam beradigan va xalqaro miqyosdagi va ishchilar harakatchanligiga to‘siqlarni kamaytirishga yordam berish uchun Edunationʼni tashkil etdi.

Piterning nomi, shuningdek, yana bir qancha boshqa loyihalar bilan ham bog‘liq, masalan: Yevropaning Kremniy vodiysi – FinEst Link (Xelsinki va Tallin o‘rtasidagi loyiha), MobileMonday, Brand Breaker va boshqalar.

U yuqori darajadagi maslahatchi, ilhomlantiruvchi ma’ruzachi hisoblanadi va 2018-yilda Shanxayning Tunszi universitetida innovatsiyalar hamda tadbirkorlik bo‘yicha professor unvonini olgan.

Yurtimizga tashrif buyurgan ushbu taniqli mutaxassis dastlab Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy axborot texnologiyalari maktabida uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif doirasida u maktabda yaratilgan sharoitlar, to‘garaklar bilan to‘liq tanishib, o‘quvchilar bilan qizg‘in suhbat qurdi. Suhbat davomida janob Vesterbak o‘z hayotiy va professional tajribasi to‘g‘risida so‘zlab berdi, yoshlarga foydali maslahatlar berdi. O‘quvchilar esa, o‘z navbatida, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va xalqaro mutaxassisdan kerakli motivatsion bilimga ega bo‘ldilar.

Shundan so‘ng, Piter Vesterbak Toshkentdagi Inha universitetiga borib, talabalar uchun mahorat darsi o‘tdi.

Yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida Vesterbak o‘z sohasida erishgan tajribalari bilan bo‘lishdi.

«Agar siz bir sohada juda katta muvaffaqiyatga erishsangiz, bu borada hamma narsani bilaman, degan tushuncha paydo bo‘la boshlaydi. Mana shu nuqtada to‘xtab qolish kerak emas, ilgariga harakat qilishda davom etish kerak. Shu bilan birga, olamshumul yangilik yaratish imkonsiz narsa deb ham o‘ylamaslik lozim. Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q, faqatgina o‘qish, o‘rganish kerak. Shunda barcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi», deydi u.

Uning misol keltirishicha, Rovio kompaniyasi 2003-yilda tashkil etilgan bo‘lsa, 2008-yilgacha 51ta o‘yin ishlab chiqargan. Dunyoga mashhur bo‘lgan Angry Birds 52-o‘yin sifatida 2009-yilda yaratilgan.

«Bu o‘yinni yaratish haqida avval hech kim o‘ylamagan. Lekin u paydo bo‘ldi va hammaga manzur keldi. Siz ham kelajakda bugun hech kimning xayoliga kelmagan dasturni yaratib, muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Faqatgina o‘z imkoniyatingizga shubha bilan qaramang», — deydi Vesterbak.

Angry Birds asoschisi o‘zining muvaffaqiyat sirlari haqida ham gap ochdi.

«Mening kichik qoidalarimdan biri: shunchaki o‘ylama, chuqur o‘yla (Don’t think, do think). Bu – shunchaki mexanik o‘ylashdan ko‘ra yuqoriroq holat. Masalaning chuqur mohiyatiga kirib tahlil qilish kerak. Shunda o‘zingiz izlayotgan uchqunni topa olasiz. Va eng muhimi, nima yaratishingizdan qat’i nazar, shunchaki brendning ortidan quvmang. Mahsulotning mohiyatiga, originalligiga e’tiborni qarating», deya yoshlarga o‘git qildi u.

Tadbir tashkilotchisi, IT-park vakilining qayd etishicha, mazkur uchrashuv O‘zbekistondagi IT sohasi nimalarga intilishi kerakligi to‘g‘risida odamlarda tasavvur uyg‘otish, shuningdek, yoshlarlarning IT-sohasidagi bilimlari va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Shuningdek, sohasiga qiziquvchilar sonini ko‘paytirish va bu mavzu har qanday yoshdagi odamlar orasida yanada dolzarb bo‘lishi uchun hamda mahalliy mutaxassislarning Yevropadagi IT-sanoati ish usullari bilan tanishtirish uchun bunday tashriflar uyushtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring