Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eski naql isbotlandi: yolg‘on xabar tez tarqaydi

Eski naql isbotlandi: yolg‘on xabar tez tarqaydi

Foto: «Hacker Noon»

«Twitter»da axborot botlar orqali 2-10 soniyada tarqashga ulguradi. Bu axborot qabul qilish qonunlari ustida to‘laqonli tadqiqot o‘tkazgan Indiana universiteti (AQSh) olimlarining xulosasi. Tadqiqotdan maqsad nega yolg‘on xabarlar axborot makonini tez qamrab olayotganini o‘rganish edi.

Eng qizig‘i, bu narsa AQSh prezidenti Donald Tramp nomi bilan bog‘liq tvitlar misolida yaqqol namoyon bo‘ldi. Tadqiqotchilar 2016-yil bahoridan 2017-yil bahorigacha tarqatilgan 14 millionta tvitni «elakdan o‘tkazishdi».

Aniqlanishicha, axborotni tarqatish uchun botlarga 10 soniyadan ham kam vaqt yetarli ekan. E’tibor bering, botlar «Twitter» auditoriyasining 6 foizini ham tashkil etmaydi, ammo ular axborotning uchdan bir qismini yaratyapti. Eng muhimi, mana shu fon yoki o‘xshash xabarlar to‘lqini oddiy foydalanuvchini aynan shu xabarlarni haqiqiy va ishonchli deb o‘ylashga undaydi — inson tabiati shunaqa.

Mavzuni yanada kengroq doirada o‘rgangan MIT (Massachusets texnologiyalar instituti) tadqiqotchilari ham xuddi shunday to‘xtamga kelishdi. Ular 2007-yildan 2017-yilgacha 3 million nafar foydalanuvchi tomonidan 4,5 million marotaba tarqatilgan turli mavzulardagi 126 mingta xabarni o‘rganishdi. Shu jarayonda ijtimoiy tarmoqlar va inson tabiatining yana bir xususiyati yuzaga chiqdi: yolg‘on xabarlar rost xabarlarga qaraganda 6 karra tez tarqaladi! Nega deysizmi? Chunki bular qaysi mavzuda bo‘lmasin, yangi, «tesha tegmagan» xabarlar-da!

Xo‘sh, bu tajribadan qanday foydalanish mumkin — mavhum. Albatta, bu tadqiqot chet elliklarning AQShdagi saylovlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’sir o‘tkazganligi mavzusi bilan uzviy bog‘liqlik nuqtai nazaridan ham dolzarb. Ammo bu qanday yuz bergan — yagona to‘xtam yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring