Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ko‘p o‘qiyman» – «Ucell»ning nishondor xodimi o‘z muvaffaqiyatlari sirini aytdi

«Ko‘p o‘qiyman» – «Ucell»ning nishondor xodimi o‘z muvaffaqiyatlari sirini aytdi

Foto: Xabar.uz

Axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda mamlakatimizda yoshlarning ushbu yo‘nalish bo‘yicha ilm olish, yetuk mutaxassis bo‘lib faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi suhbatdoshimiz ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan «COSCOM» MChJ mobil tarmog‘ini ekspluatatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «Faxriy yorliq» bilan taqdirlangan umidli yoshlarimizdan Mirsaid Mirfayziyev.

— Mirsaid, ushbu sohaga kirib kelishingizga nima turtki bo‘lgan?

— Ko‘pchilik ota-onasining kasbiga qiziqadi. Mening otam harbiy, onam esa maktabgacha ta’lim tizimida ishlaganlar. Men ham otamning yoki onamning sohalariga qiziqishim, ular yo‘lidan ketishim mumkin edi. Lekin meni ko‘proq axborot texnologiyalari sohasi, internet degan sirli olam qiziqtirardi.

Shu bois 2006 yil Toshkent axborot texnologiyalari universiteti telekommunikatsiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Qolaversa, aniq fanlardan baholarim ham a’lo edi.

Universitetda o‘qish jarayonida yo‘nalish tanlab olishim va mobil aloqa sohasiga kelishimga turtki bo‘lgan inson, ustozim va ilmiy rahbarim Rustam Abdurahmonovning hissasi katta bo‘ldi. Ustozimning yo‘l-yo‘riqlari bilan 2-bosqichda o‘qib yurganimda sohaga tegishli ko‘plab kitoblar va jurnallar o‘qiy boshladim, ilmiy anjumanlarda avval tinglovchi sifatida, keyin esa maqolalar bilan ishtirok etdim.

Hozir ham sohaga tegishli kitob, jurnallarni o‘qishni kanda qilmayman. Chunki har bir soha xodimi bugungi shiddat bilan tezlashib borayotgan zamonda o‘z ustida ishlamasa ilmi «kambag‘allashib» ketaveradi. Ya’ni kitob o‘qish — muvaffaqiyatlar garovi. Tengdoshlarim qaysi sohani tanlamasinlar qiziqishlariga oid kitoblarni o‘qishdan, izlanishdan bir zum ham to‘xtab qolmasliklari kerak. Chunki bunga imkoniyat ham, sharoit ham yetarli deb o‘ylayman. Juda bo‘lmaganda hammaning qo‘lida telefon, uyida kompyuter bor. Istagan mavzuda elektron kitoblar mavjud.

 — Demak, aynan o‘sha o‘qigan kitoblaringiz, yozgan maqolalaringiz magistraturada o‘qishingizga ham turtki bo‘lgan. Bo‘lajak kasbdoshlaringizga sohaga oid qanday kitoblarni o‘qishni tavsiya qilasiz?

— Ha, o‘qigan kitoblarim muvaffaqiyatlarim garovi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Universitetda o‘qigan paytlarimda sohaga oid jurnallarning oxirgi besh yillik nashrlarini o‘qishga harakat qilardim, buning sababi axborot texnologiyalari sohasi juda shiddat bilan rivojlanib boradi. Besh yil ichida texnologiyalar yangilanib ketadi, sohaning yaxshi mutaxassisi bo‘lish uchun ushbu yangiliklar bilan peshqadam bo‘lish kerak.

Tarmoqlarga oid V.G. Oliferning «Kompyuter tarmoqlari», D.S. Gulevichning «Keyingi avlod tarmoqlari», B.S. Goldshteyn, A. Tanenbaum kabi mualliflarning bir qator kitoblarini o‘qiganman.

CISCO ning boshlang‘ich o‘quv kurslarini mustaqil o‘qib bir qator laboratoriya amaliyotlarini bajarganman. Shu yo‘l bilan sohaga sekin asta kirib borganman desam bo‘ladi.

Ish davomida ko‘proq Nokia, ZTE, Huawei kabi ishlab chiqaruvchilarning texnik hujjatlarini va rasmiy normativ hujjatlarni o‘qishga to‘g‘ri keladi. Lekin shu bilan birga doim soha yangiliklari va yangi texnalogiyalar bilan bog‘liq maqolalarni o‘qib boraman, turli onlayn kurslar orqali malakamni oshirishga harakat qilaman.

Vaqtdan samarali foydalanish va effektiv boshqarish ko‘nikmalariga ega bo‘lish yo‘lida izlanaman.

Dastlab ishni nimadan boshlagansiz. Bunga amaliyot qanchalik yordam bergan?

 — Talabalik davrida malaka amaliyotni «COSCOM» MChJ XKda (Ucell savdo belgisi) sifat nazorati va statistika bo‘limida o‘tkazdim. Malaka amaliyotida olgan bilim va ko‘nikmalarim keyinchalik menga katta motivatsiya bo‘ldi. Ya’ni shu davrdan boshlab o‘quv va ish faoliyatim kompaniya bilan uzluksiz bog‘liq bo‘lib qoldi.

Ishga dastlabki kelgan yillarim «COSCOM» MChJ XK axborot-kommunikatsiya texnologiyalari funksional guruhining bazaviy va transport tarmoqlari ekspluatatsiyasi bo‘limi muhandisi, keyinchalik markaziy guruh rahbari bo‘lib faoliyat yuritdim.

— Sohaning asosiy faoliyat yo‘nalishi zamonaviy mobil aloqa tizimini rivojlantirish hisoblanadi. Ushbu vazifani amalga oshirishda texnologiyalar departamentining roli juda katta...

 — «COSCOM» MChJ («Ucell» savdo belgisi) ning asosiy faoliyat yo‘nalishi nafaqat zamonaviy mobil aloqa tizimini rivojlantirish, balki aholiga sifatli va yuqori tezlikdagi aloqa xizmatlarini taqdim etish hisoblanadi. Men rahbarlik qilayotgan texnologiyalar departamentining bir qismi, mobil tarmog‘ini ekspluatatsiya qilish bo‘limida 26 nafar xodim ishlaydi. Bizning vazifamiz tarmoqdagi kommutatorlar, abonentlar bazasi, kirish tarmog‘i va transport tarmog‘ini uzluksiz ishlashini ta’minlashdan iborat. Shu bilan birga yangi texnologiyalarni tatbiq etishda hamda abonentlar uchun yangi xizmat turlarini joriy etishda ishtirok etamiz.

Yaqin o‘tgan davr mobaynida tarmoqning texnik bazasi tubdan yangilandi, Respublika miqyosida 9 xonalik raqamlash tizimiga o‘tildi, mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishga tushirildi, 4G tarmog‘i qamrovi sezilarli darajada oshirildi.

«ICT Expo» ko‘rgazmasi doirasida «Ucell» kompaniyasi birinchi marotaba O‘zbekistonda 5G tarmog‘ini kengaytirish loyihasini amalda joriy etish bosqichini ramziy ravishda ishga tushirib, 5G tijorat qurilmasini ishlashini namoyish etdi.

Yana bir yangilik bu – kompaniya abonentlari uchun Toshkent metropoliten stansiyalarida mobil aloqadan foydalanish mumkinligi bo‘ldi. Abonentlar uchun yangi bo‘lgan eSIM, MNP, VoLTE, VoWiFi, Mobile Id kabi xizmat turlari ustida o‘rganishlar olib borilmokda.

 — Bugun axborot texnologiyalari sohasiga qiziqayotgan va ushbu yo‘nalishda endigina ish boshlagan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

 — Nafaqat ushbu sohada faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga, balki barcha yoshlarga aytmoqchi bo‘lganim — ingliz tilini puxta o‘rganing, til bilsangiz ko‘plab ma’lumotlarni ochish imkoni paydo bo‘ladi. Ma’lumotlar olish imkoniga ega bo‘ldingizmi, endi o‘z ustingizda ko‘p ishlang: doim izlanishda bo‘ling, o‘qing va malakangizni oshiring. O‘zingiz tanlagan yo‘nalishning yetuk muttaxasisi, eksperti bo‘lishga harakat qiling. Sohadagi istiqbolli yo‘nalishlardan dasturlash va tarmoq muhandisligi (networking) kabilarni aytib o‘tishim mumkin.

Aslida ushbu soha rivojlanayotgan, hayotimizning bir qismiga aylangan ayni paytda kompyuterni bilmaslik juda ko‘p narsalarni boy bermoqlikdir. Internet esa ilm olishni, o‘rganishni istaganlar uchun katta bir ummon, katta bir ensiklopediya kitobki istagan savolga javob olish mumkin. O‘sha ummondan duru gavhar izlab topishga ketkazadigan vaqtingizni bekorchi ishlarga sarflamang. Men har doim xodimlarga ham aytaman: «Bir ishni boshladingizmi oxiriga yetkazishga harakat qiling, doim masalaning samarali, to‘g‘ri va konstruktiv yechimini topishga intiling, xato qilishdan qo‘rqmang, xatolarni to‘g‘irlashni o‘rganing va eng asosiysi masuliyatli bo‘ling».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring