Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koreya Respublikasi O‘zbekistonda ma’lumotlar markazi qurilishiga ko‘maklashadi

Koreya Respublikasi O‘zbekistonda ma’lumotlar markazi qurilishiga ko‘maklashadi

Foto: LBMA matbuot xizmati

Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri o‘rinbosari janob Yun Djong In boshchiligidagi delegatsiya 18-19-mart kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Bu haqda LBMA matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligidagi uchrashuvda mehmonlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar darajasini yuqori baholadilar. Jumladan, O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning miqyosi va sifatiga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda 195 turdagi xizmatlar taqdim etilayotganiga to‘xtalib o‘tildi. Uchrashuv qatnashchilari elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi O‘zbekiston-Koreya munosabatlarining holati, ushbu sohadagi yangi qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida o‘zaro ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma tadqiqotlar, korporativ hamkorlikni olib borish va O‘zbekistonda ma’lumotlar markazini tashkil etishda texnik ko‘mak ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Foto: LBMA matbuot xizmati

19 mart kuni Koreya Respublikasi delegatsiyasi tashrifi doirasida «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi tomonidan birgalikda tashkillashtirilgan «Elektron hukumat: Taraqqiyot istiqbollari» o‘zbek-koreys forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum ishida koreys delegatsiyasi vakillari, agentlik, tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, ta’lim muassasalari, «Mirzo Ulugbek Innovation Center» (MUIC) innovatsiya markazining 100 ortiq vakillari qatnashdilar.

Ma’lumot uchun: Janubiy Koreya elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo mamlakatlari xalqaro reytingida yetakchi o‘rinni (3-o‘rin) egallaydi. Mazkur reyting Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan dunyodagi 193 davlatda fuqarolarga davlat xizmatlarini taqdim etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)dan foydalanish bo‘yicha milliy davlat tuzilmalarining tayyorligi va ularning imkoniyatlarini baholash natijalariga ko‘ra e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring