Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navro‘z sayli katta bayramga aylandi. Maxsus reportaj (video)

«Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi» — ushbu shior ostida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Navro‘z sayli tashkil etildi.

Saylda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, shuningdek, vazirlik tizimidagi tashkilot va korxona vakillari bir yerda jam bo‘lib, birdamlik, hamjihatlik an’analariga sodiqlikni yana bir karra namoyon etishdi.

Tantanali marosimni AKT vaziri Sherzod Shermatov ochdi va mehnat faxriylari, fidoyi ustozlar, talaba hamda soha xodimlari, mehmonlarni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi. «Biz – bir oila, biz – bir jamoa!» g‘oyasi ostida amalga oshirilayotgan ishlar bardavom bo‘lishini, Davlatimiz rahbari tomonidan soha oldiga qo‘yilgan vazifalarni yorug‘ yuz bilan ijrosini ta’minlashda barchaga kuch-quvvat, omad  tiladi.

E’tiborlisi, tantanaga sabab bo‘lgan ushbu Navro‘z sayli bir nechta xayrli amallarga ham turtki bo‘ldi. Vazirlik tomonidan «Inson qadri» loyihasi doirasida TATUdagi imkoniyati cheklangan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Navro‘z «Xabar» gazetasi tahririyati uchun qo‘shaloq bayram. Gazetaning ilk soni 1992 yilning 21 mart kuni nashrdan chiqqan. Shu sababli ham ushbu shodiyonada tahririyat tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan ijodiy jamoa faoliyati e’tirof etildi.

Tashkil etilgan saylda AKT vazirligi tizimidagi tashkilot va korxonalar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda texnologiyaga qiziquvchi yoshlar sohada mavjud vakant o‘rinlar yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar va ma’qul kelgan yo‘nalish bo‘yicha ariza topshirdilar.

TATU hududining asosiy qismi turli viloyatlar kesimida ajratilgan bo‘lib, unda tegishli tashkilotlar aynan ma’lum bir viloyat urf-odat, qadriyatlarini namoyish etishdi.

Folklor jamoalarining chiqishi, xalq o‘yinlari, jumladan, dorbozlik, polvonlar tomoshasi, sport musobaqalarining tashkil etilishi bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir davomida yig‘ilganlar uchun katta dasturxon yozilib, bayram kayfiyati karnay-surnay navolari, sahna ko‘rinishlari va san’atkorlar chiqishiga ulandi. Mehnat faxriylariga alohida izzat-ikrom ko‘rsatilib, sovg‘alar ulashildi.

Ko‘rgazmali chiqishlari bilan ishtirok etganlar jamoalar turli nominatsiya bo‘yicha sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring