Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olimlar: «100 foiz toza energiyaga o‘tish uchun hech qanday to‘siq yo‘q»

Olimlar: «100 foiz toza energiyaga o‘tish uchun hech qanday to‘siq yo‘q»

Foto: «Xaytek»

Xalqaro olimlar guruhi kompyuter simulyasiyasini o‘tkazib, 2050-yilga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalariga to‘liq o‘tish nafaqat mumkinligini, balki bu — elektr uzilishlari xavfini ham yo‘qotib, energiya narxini bir necha baravar kamaytirishini ma’lum qildi, deb xabar berdi «Xaytek».

Stenforddan Mark Jeykobson hamda uning AQSh va Daniya universitetlaridagi hamkasblari olib borgan tadqiqotda ikkita kompyuter modelidan foydalanilgan. Birinchisi 2050-yildan 2054-yilgacha bo‘lgan sharoitlarni prognoz qilgan. Unda shamol turbinalari, quyosh paneli va geliotermik qurilmalar ishlab chiqaradigan energiya miqdorini taxmin qilish imkoni bo‘ldi. Keyin ular ushbu ma’lumotni yanada barqaror energiya manbalari — geotermal, to‘lqinli stansiyalar yoki AESlardan olinadigan energiya hisob-kitoblari kiritilgan ikkinchi model bilan birlashtirishdi.

Ikkala model ham turli manbalardan olinadigan energiya miqdorini va dunyoning 20 ta hududida 2050-yildan 2054-yilgacha elektr energiyasiga bo‘lgan o‘zgaruvchan ehtiyojni qanchalik qondira olishini prognoz qila oldi. Modellarni turli sharoitlarda, uchta ssenariy bo‘yicha sinab ko‘rgan olimlar elektr tarmoqlari qayta tiklanadigan energiya manbalariga to‘liq o‘tishi bilan barqaror ishlay olishi mumkin, degan xulosaga kelishdi.

Ushbu natijalarga asoslanib, men butun dunyoning kamxarj, barqaror, 100 foiz toza va qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishiga hech qanday texnik va iqtisodiy to‘siq yo‘qligini ishonch bilan aytishim mumkin.

Mark Jeykobson

Bundan tashqari, Jeykobson taklif qilgan variantda energiya birligi narxi, jahonda amaldagi energetik rivojlantirish strategiyasi saqlanib qolsa, energiya narxining to‘rtdan biriga teng ekani ma’lum bo‘ldi. «Stanford News» nashri xabariga ko‘ra, tabiiy yonilg‘idan foydalanish natijasida yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash hamda sog‘liqni saqlash xarajatlari hisobga olingan holda shunday iqtisod yuzaga keladi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha xalqaro agentlik rahbari hisobotiga ko‘ra, ikki yildan so‘ng qayta tiklanadigan energiya tabiiy yoqilg‘idan ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan arzonroq bo‘ladi. Shunday qilib, toza energetikaga o‘tish nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishning yo‘lidir, balki iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri yechim hamdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring