Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Omadsizlar qiroli». «Marslik»ning yerdagi sarguzashtlari

«Omadsizlar qiroli». «Marslik»ning yerdagi sarguzashtlari

Elon Mask.

Foto: «The Syrup Trap»

Omad bir ketmasin ekan. Hammasi «Netscape» kompaniyasi 24 yoshli bu yigitga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yganidan so‘ng boshlandi...

«Sug‘ur kunlari»

So‘ng o‘z kompaniyasiga asos solib, nomi chiqdi. Biroq o‘zbilarmonligidan o‘z kompaniyasiga ham begona bo‘ldi. Keyin qancha mehnat, uyqusiz tunlarni sarflagan loyihasi yilning eng yomon 10ta biznes-g‘oyasi qatoriga kiritildi. Falokat oyoq ostida... o‘sha yili naq 1 million dollar turuvchi yap-yangi «Maclaren F1» avtomobili bilan avariyaga uchradi. O‘zi va sherigi omon qolishdi, ammo mashinaga qarab bo‘lmasdi.

Oradan bir yil o‘tib, uylandi. Baxtli onlar uzoq cho‘zilmadi — asal oyida yurganida yangi kompaniyasidan ham quvildi. Ammo eng dahshatlisi oldinda edi. O‘sha yili bosh chanog‘i bezgagi uni to‘shakka mixlab qo‘ydi. Xastalik azobi-ku o‘z yo‘liga, sutkasiga 20 soat ishlashga odatlangan odam uchun uzzukun shipga termilib yotishdan og‘iri bo‘lmasa kerak. Haytovur, yaxshi shifokorlar, turgan gapki, pulning zo‘ri bilan dard chekindi.

Yangi asr uning faoliyatida yangi davrni boshlab berdi. Fazoni o‘zlashtirish, Marsga parvoz qilish orzusiga butun vujudi bilan kirishib ketdi. Ammo omadsizliklar uni soyadek ta’qib etishdan charchamasdi. Havo kemasi sotib olmoqchi bo‘lib qilgan murojaatini ruslar ikki marotaba ham rad etishdi. Keyin NASA bilan hamkorlik. 2006-yili birinchi parvozning o‘zidayoq fazo kemasi portlab ketdi. Yanagi yili yana parvoz — yana portlash. Xullas, «sug‘ur kuni»ning oxiri yo‘qdek edi, 2008-yilgi uchinchi parvoz-portlashdan so‘ng uning o‘rnida boshqa odam bo‘lganida bu ishga qo‘l siltab ketgan bo‘lardi. Ammo u emas. Bu tomonda yana ikkita kompaniyasi inqiroz yoqasida turardi.

Bu orada amallab raketalarini fazoga chiqarishni uddalagan qahramonimiz endi ularni Yerga eson-omon qaytarish bilan halak edi. 2013—2015-yillarda fazodan qaytgan uchta kemasi portlab ketdi. Eng qizig‘i, o‘sha yillari uning kompaniyasi chiqarayotgan elektromobillardagi eng katta muammo ham akkumulyatorlarning portlashi edi.

Ammo ular boshqacha fikrda

Shuncha ishlar, shuncha voqealardan keyin bunday insonni kim deyish kerak? «Omadsizlar qiroli»mi? Xulosa qilishga shoshilmaylik. Har holda faoliyatida yorqin pallalar bo‘lgandirki, 2008-yili «Esquire» jurnali uni sayyoramizning eng nufuzli 75 insoni qatorida sanab o‘tdi. 2013-yili «Fortune» jurnali yil tadbirkori deya e’tirof etgan bo‘lsa, «The Wall Street Journal»  uni yilning eng yaxshi rahbari sifatidan tan oldi. Eng so‘nggi so‘zni «Forbes» aytdi: 2016-yil yakuniga ko‘ra bu insonning shaxsiy sarmoyasi 10,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Ha bu o‘sha: «SpaceX» bosh va texnik direktori; «Tesla» bosh direktori va arxitektori; «SolarCity» direktorlar kengashi raisi; «Neuralink» asoschisi;  «PayPal»ga tamal toshini qo‘yganlardan biri; «OpenAI» rahbarlaridan biri, olti o‘g‘ilning otasi Elon Mask.

Nega fazoni o‘zlashtirmoqchi?

Maskning o‘zi ta’kidlashicha, unda fazoni o‘zlashtirish g‘oyasi paydo bo‘lishida olim va fantast yozuvchi Ayzek Azimovning qarashlari hamda «Asos» turkumiga kiruvchi ilmiy-fantastik romanlarining ta’siri katta bo‘lgan. Ya’ni, yozuvchi fazoviy puchmoqlarni o‘zlashtirishni insoniyat mavjudligi va taraqqiyotining kafolati degan g‘oyani ilgari surgan. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, Maskning Marsga ekspeditsiyasi hali bu boshlanishi, oldinda «Azimovning uzoq va ulkan sayyoralari» turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring