Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident tashabbusi. Mirzaobodda «Raqamli texnologiyalar markazi» ochildi (foto)

Prezident tashabbusi. Mirzaobodda «Raqamli texnologiyalar markazi» ochildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 19-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgandi.

Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar beriladi, «startap» loyihalarga yordam ko‘rsatiladi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida shunday markazlar tashkil etish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi.

Bugun, 22 mart kuni «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi Sirdaryo viloyat filiali Mirzaobod tumani telekommunikatsiya bog‘lamasi ma’muriy binosida «Raqamli texnologiyalar markazi» ochildi.

Qisqa fursatlarda vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik o‘quv markazini ochish bo‘yicha tashkiliy choralar ko‘rilib, markaz zamonaviy kompyuterlar va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Ushbu markazning mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari davom etayotgan paytda ochilishi Sirdaryo viloyati yoshlariga munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.

Mirzaobod tumanida joylashgan mazkur markaz Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarda ochiladigan boshqa markazlar hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Hindistonning ilg‘or tajribasi asosida tashkil etilayotgan Texnopark o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi.

Markazda yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik yo‘nalishida o‘quv kurslari tashkil etiladi. Unda 3 ta yosh toifasida, ya’ni 9-15, 16-19 hamda 20-25 yoshdagi ta’lim oluvchilar bosqichma-bosqich axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bo‘lajak mutaxassislar sifatida tayyorlanadi.

Qolaversa, markazda yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini o‘rgatish, turli o‘yinlar bo‘yicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy o‘yinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

«Raqamli texnologiyalar markazi»ning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring