Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Quvnoq oyoqchalar»dan tortib elektron retseptgacha – Andijonda inkubatsiya markazi ochildi (foto)

«Quvnoq oyoqchalar»dan tortib elektron retseptgacha – Andijonda inkubatsiya markazi ochildi (foto)

Foto: Xabar.uz

Kecha, 17 iyun kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Inkubatsiya va akselator markazi ochildi. Markaz institut va IT-Park hamkorligida tashkil qilingan. Uning ochilish marosimida AKT vazirligi Ishchi guruhi hamrohligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti  boshlig‘i Olimjon Umarov, institut talaba, magistrlari va mutaxassislari qatnashdi.

Dastlab mehmonlar institut Simulyasiya markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Ushbu markazda inson tanasida turli amaliyotlar o‘tkazishni mashq qilish va ichki a’zolarini o‘rganish uchun dasturlangan maxsus qurilmalar bor. Mutaxassislar unda ishlash jarayonlarini namoyish qilib berishdi.

Institut Inkubatsiya va akselator markazida 90 ta zamonaviy kompyuterlar tezkor internetga ulangan. Bu yerda talabalar, magistrlar, yosh olimlarga ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Institutda turli startap loyihalarni ishlab chiqqan talabalar bor. Oliy o‘quv yurti talabalari Islomjon Bektoshev va Abdurauf Abdurashidovlar ana shunday izlanuvchan yoshlardan.

Islomjon Bektoshev turli tanlovlarda o‘z loyihalari bilan qatnashib keladi. Uning «Quvnoq oyoqchalar» loyihasi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar, imkoniyati cheklangan insonlar va qariyalar uchun maxsus ishlab chiqilgan oyoq kiyimi.

Ushbu oyoq kiyimi qandli diabet tashxisi qo‘yilgan bemorlarning oyog‘ida vibromassaj va termota’sir qilish orqali qon aylanishini yaxshilaydi. «Diabetik to‘piq» sindromining oldini oladi. Ya’ni, 80 foiz holatda oyoq kesilishiga sabab bo‘layotgan trofik yaralar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Xorijda bunday oyoq kiyimi vazifasini maxsus qurilma bajaradi, uni olib yurish qiyin, narxi ham baland. Islomjon taklif qilayotgan oyoq kiyimi esa yengil, bemorlar uni o‘zlari bilan olib yurishlari uchun qulay, eng muhimi, narxi ham arzon.

Institutning faol talabalaridan yana biri Abdurauf Abdurashidov elektron retsept loyihasini taqdim qildi.  Bu loyiha bemorga qo‘lda yozilgan retseptlar orqali boshqa dorilarni adashib bervorish holatlarining oldini olishi bilan ahamiyatlidir.

Mehmonlar bu kabi loyihalarni yanada takomillashtirish, kelgusida amaliyotga joriy qilish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishib, tegishli tavsiyalarini berishdi.

AKT vazirligi Ishchi guruhining Andijon viloyati bo‘ylab xizmat safari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring