Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar DXM yoki my.gov.uz orqali beriladi

Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar DXM yoki my.gov.uz orqali beriladi

Foto: Xabar.uz

Hukumat qarori (693-son, 19.11.2021-y.) bilan Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ma’muriy reglamentga ko‘ra, 2022-yil 1-iyuldan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar faqat DXM yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi.

Yo‘llanmalar quyidagi toifadagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi:

  • urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari);
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar;
  • yoshga doir pensiya oluvchilar.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.

Yo‘llanmalar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 12 kunga, yo‘llanmalarning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin (asosli sabablarga ko‘ra qaytarilgan yo‘llanmalar bundan mustasno) beriladi.

Yo‘llanmalar faqat ularda ko‘rsatilgan muddatlarda haqiqiy hisoblanadi.

Yo‘llanmada ko‘rsatilgan muddatdan oldin sanatoriyga qabul qilinmaydi, sanatoriyga kechikib kelingan kunlar tiklanmaydi.

Yo‘llanmadan faqat unda ko‘rsatilgan shaxsgina foydalanishi mumkin. Bitta yo‘llanma bilan bittadan ortiq kishi (jumladan, yosh bolalar ham) qabul qilinmaydi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, “Elektron sanatoriy” platformasi ishlab chiqiladi. Bunda:

  • sanatoriylarga yo‘llanma olish uchun murojaat qilgan aholi elektron axborot tizimi orqali hisobga olinadi;
  • yo‘llanmalar bo‘yicha navbatni kuzatish imkoniyatini beruvchi mexanizmlar joriy etiladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring