Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «IT Park ham o‘ziga xos megaproyektga aylanadi»

Sherzod Shermatov: «IT Park ham o‘ziga xos megaproyektga aylanadi»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Milliardlab dollar investitsiya qilingan ikkita megaproyektga tashrif davomida davlatimiz rahbari axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha alohida ustuvor vazifalarni belgilab berdi. AKT vaziri Sherzod Shermatov IT Park ham o‘ziga xos megaproyektga aylanishini qayd etdi.

«2028 yilga qadar dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 mlrddan oshirishni asosiy maqsad sifatida belgilab oldik. Shunda IT Park ham o‘ziga xos megaproyektga aylanadi. Uning boshqa sohalar eksportidan juda katta farqi ham bor, ya’ni bunday eksportda O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat deyarli 100 foiz bo‘ladi, uni amalga oshirish uchun qo‘shimcha import mahsulot yoki xom ashyo kerak bo‘lmaydi.

Bir nafar eksportda ishlaydigan xodim 2000 dollar o‘rtacha oylik olsa, bir yilda uning maoshining o‘zi 24 ming dollar eksport daromadini olib keladi, shunday xodimlarning soni 40 mingdan ortsa, ularning oyligini o‘zidan deyarli 1 mlrd dollar eksport daromadi yurtimizga kirib keladi. Bu hali dasturiy mahsulotlar yoki startaplarni inobatga olmaganda. Shuning uchun yoshlarimiz o‘z oilasi davrasida yashab, yaxshi daromad olib ishlash niyati bo‘lsa, ular chet tili va axborot texnologiyalarini o‘rganishlariga juda qattiq e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. BPO uchun esa dasturlash ham kerakmas, faqat chet tilida yaxshi muomala qilishni bilsa bo‘ldi.

4,5 yil avval dasturchilar uchun Prezident farmoni bilan alohida soliq muhiti yaratilganidan keyin, dasturlash xizmatlari 50 barobardan ortiq oshgani faqat boshlang‘ich qadam bo‘ldi. Chunki dasturchilar va BPO bo‘yicha xizmatlar eksportida shug‘ullanayotgan yoshlarimizning yuqori daromad topayotganlari boshqa yoshlarimizni ham chet tillari va axborot texnologiyalarini o‘rganishga undamoqda», deya ta’kidladi AKT vaziri.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Ushbu taqdimotdan videoreportaj ham tayyorlangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring