Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov yoshlar uchun xushxabarni e’lon qildi

Sherzod Shermatov yoshlar uchun xushxabarni e’lon qildi

2022-yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda EPAM Systems kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, shuningdek, IT-Park direktori Farhod Ibragimov, Belarus Respublikasidagi EPAM Systems kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Andrey Shubadyorov, EPAM Systems kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Renat Axtyamov va boshqalar ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va iste’dodlarni rivojlantirish, shuningdek, IT sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Ta’kidlanishicha, Arkadiy Dobkin O‘zbekistonda yoshlarga sifatli ta’lim beradigan va axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlaydigan onlayn-universitet ochishni tez orada amalga oshirishga kirishish istagini ma’lum qildi.

Sherzod Shermatov, o‘z navbatida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda IT-Park ushbu universitetni ochish bo‘yicha EPAM Systems bilan hamkorlikni boshlashga va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Vazir O‘zbekistonda xalqaro miqyosda tajribaga ega ishlab chiquvchilar yetishmayotganligiga to‘xtalib o‘tdi. Shu sababdan mavjud vaziyatni o‘zgartirish hamda ularning sonini ko‘paytirish maqsadida xorijiy davlatlardan mutaxassislarni mamlakatga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ular, o‘z navbatida, 3-5 yil mobaynida mahalliy ishlab chiquvchilarni zarur ko‘nikmalar bilan ta’minlashi hamda o‘zaro tajriba almashinilishi ko‘zda tutilgan. Vazir, shuningdek, xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonda faoliyat olib borishi qulay bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini alohida ta’kidladi.

Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xorijlik IT-mutaxassislarni ko‘chirish jarayoni uchun quyidagi qulayliklarni taqdim etadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish, IT-vizani rasmiylashtirish va taqdim etishda yordam ko‘rsatish;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida ijaraga beriladigan uy-joy topish va taqdim etishda ko‘maklashish;
  • oila a’zolarini (yaqin qarindoshlarini) ta’lim muassasalarida (bolalar bog‘chasi, maktab va boshqalar) joylashtirish;
  • tarmoq va aloqa vositalari (mobil aloqa, internet va boshqalar) bilan ta’minlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida turistik sayohatlarni tashkil etish.

Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida O‘zbekistonda EPAM tizimlarini eng keng miqyosda rivojlantirish niyatida ekanligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kompaniyaning to‘liq rivojlanishi uchun 10 yil sarflangan, O‘zbekistonda esa bu 3-5 yil ichida sodir bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan «EPAM Global» konferensiyasini tashkil etish, uning doirasida EPAM Systems kompaniyasining yetakchi mutaxassislari uchun O‘zbekistonda ishlash uchun sharoit va imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida IT-tur o‘tkazilishiga to‘xtaldilar.

Natijada ikki tomon ham yuqoridagi barcha loyihalarni amalga oshirishga kirishishga kelishib oldilar.

AKT vaziri Sherzod Shermatov bu kelishuvni yoshlarimiz uchun xushxabar deb baholadi.

«EPAM kabi katta «ayti» kompaniyalar O‘zbekistonda ko‘proq xodimlarni ishga olish borasida jiddiy reja qilmoqdalar. Yoshlarimizni EPAM talablariga ko‘ra malakasini oshirish uchun esa qo‘shimcha IT Universitet ochishga ham tayyor ekanligini bildirdilar. Undan tashqari O‘zbekistonga ko‘proq Senior darajadagi mutaxassislarni olib kelib, ular yordamida bizning Junior darajadagi boshlang‘ich bilimlarga ega yoshlarimizni malakasini oshirishga ham yordam beradilar.

Bu esa yuqori malakali yoshlarimiz uchun O‘zbekistonda oilasi bilan yashab, AQSh, Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bozoriga o‘z xizmatlari eksportini qilish orqali yuqori maosh olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuning uchun IT sohasini tanlaydigan yoshlarimiz hozirdan vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlab o‘z ustilarida qattiq ishlashni davom ettirishlari kerak», deya izohladi soha rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring