Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TATU Samarqand filialida inkubatsiya markazi ochildi (foto)

TATU Samarqand filialida inkubatsiya markazi ochildi (foto)

Foto: Xabar.uz

Bugun, 14 aprel kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida inkubatsiya markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyatida xizmat safari bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi. Markaz IT-Park bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inkubatsiya markazi oliy o‘quv yurti o‘qituvchi va talaba yoshlarining innovatsion g‘oyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. TATU Samarqand filialida iqtidorli talabalar va ilmiy izlanishlar qilayotgan yosh xodimlar ko‘p.

Ana shunday iqtidorli talabalardan biri filial kompyuter injiniringi fakulteti, 4-bosqich talabasi Saodat Olimjonova.

U Med-card loyihasini ishlab chiqqan. Mazkur loyihani poliklinika, tibbiyot muassasalarida qo‘llash mumkin. Bu loyiha amalga oshirilsa tibbiyot maskanlarida ortiqcha qog‘ozbozlikka o‘rin qolmaydi. Qurilmaga bemor kartasi qo‘yilsa, u haqdagi barcha tibbiy ma’lumotlar chiqadi. E’tiborlisi, bu dastur oflayn va onlayn ham ishlaydi. ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, humo kartalardan ham foydalansa bo‘ladi. Saodatning aytishicha, hozirda ushbu loyiha Samarqand shahridagi 3-poliklinikada sinovdan o‘tkazilmoqda.

Markazda filial o‘qituvchilari ham o‘z loyihalar taqdimotini o‘tkazishdi. Ishchi guruh a’zolari filial data markazi, kompyuter sinfxonasini ko‘zdan kechirishdi. AKT vaziri oliy ta’lim muasasasi professor xodimlari bilan suhbatlashdi, ularning ilmiy izlanishlari haqida surishtirdi.

– Ilmiy daraja olish har bir yosh xodim uchun juda zarur, – dedi Shuhrat Sodiqov. – Ilmli ustozgina yoshlarni orqasidan ergashtira oladi. Albatta, ilmiy izlanishni, ixtirochilikni rag‘batlantirib borishdan aslo charchamaymiz.

AKT vazirligi ishchi guruhi Samarqand viloyatidagi soha korxona, tashkilotlari va muassasalari faoliyatini o‘rganishda davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring