Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi Inha universitetining to‘rtinchi bosqich talabalari yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tashni boshlashdi

Toshkentdagi Inha universitetining to‘rtinchi bosqich talabalari yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tashni boshlashdi

Foto: «Inha.uz»

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning to‘rtinchi bosqich talabalari O‘zbekistonning yirik kompaniyalarida amaliyot o‘tashni boshladi.

IUT to‘rtinchi bosqichining 99 nafar talabasi bir akademik bosqich davomida Koreya Respublikasining Inha universitetida tahsil olib qaytishgani haqida xabar qilgan edik.

Endi bu talabalar  bir necha oy davomida o‘z bilimlarini amaliyotda sinovdan o‘tkazadilar.

Yosh mutaxassislar guruhi «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi rezidentlari bo‘lgan: «Datasite.uz», «Fido-bizness», «Galaxy System», «Venkon Group», «Nowmedia Technologies», «Social Web Solutions» va «Technologies of Business Processes Navoi» kabi IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tashadi.

«O‘zbektelekom», «OKS Technologies», «Skyline», «Turon Telecom», «SOS Group», «East Telecom», «Super Dispatch» va «Artel» kompaniyalari ham amaliyot o‘tash uchun bir guruh talabalarni jalb qilishdi. Shuningdek, yosh mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ham amaliyot o‘taydilar.

Moliyaviy institutlar ham IUT talabalarini amaliyot o‘tashga chaqirishdi. Ular orasida «O‘zbekinvest», «Agrobank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Universalbank», «Ipoteka bank», «Asakabank», «Qishloq qurilish bank» va «Milliy bank» kabi banklar bor.

Bir guruh talabalar o‘z bilimlarini «Asian Airlines», «Olcha.uz», Bosh prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining huquq masalalarini o‘rganish instituti kabi davlat, xususiy hamda chet el kompaniyalarida amalda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

— Bitiruvchilarimiz o‘z hayotining muhim bosqichiga kirib, professional faoliyatni boshlamoqdalar, — dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayev. — Men ularga o‘z oldilariga katta maqsadlar qo‘yib, muvaffaqiyatga erishishlarini tilayman. Xato qilishdan qo‘rqishmasin, ammo ulardan saboq chiqarishni o‘rganishsin. O‘z navbatida, ularning mutaxassis sifatida rivojlanishlarida faol ishtirok etayotgan barcha kompaniya va tashkilotlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz O‘zbekistondagi axborot texnologiyalari sohasining rivojlanishiga va belgilangan maqsadlarga erishishga o‘z hissamizni qo‘shishga imkon beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring