Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

.UZ milliy domeni himoyasi kuchaydi

.UZ milliy domeni himoyasi kuchaydi

.UZ milliy domen zonasida ma’mur vazifasini bajaruvchi UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator internetning o‘zbek segmentida veb-saytlar egalari uchun DNSSEC (Domain name system security extension) domen nomlarini himoya qilish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilganini e’lon qildi.

Texnologiyaning mohiyati shundan iboratki, ushbu texnologiya ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar domen nomi haqidagi ma’lumotlarni himoyalangan shaklda uzatadi va bu firibgarlarning domen nomini o‘zgartirishga urinishlari va foydalanuvchini soxta saytga  «olib ketish» imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi.

UZINFOCOM Yagona integratori O‘zbekiston milliy domen zonasiga xizmat ko‘rsatuvchi barcha yuqori darajadagi serverlarda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi va hozirda barcha yettita serverda ushbu xavfsizlik texnologiyasidan foydalaniladi.

Domen nomi haqidagi ma’lumotlarni himoyalangan shaklda uzatish trafikning keskin o‘sishini anglatmaydi, ya’ni tarmoq ishini sekinlashtirish uchun hech qanday asos yo‘q. DNSSEC xavfsizlik texnologiyasi joriy qilingan domen zonalarida (.uk; .kr; jp) firibgarlik operatsiyalar soni ancha kamayganligi qayd etilgan.

«Hozirda biz o‘znetda firibgarlik operatsiyalari ko‘payganini ko‘rmayapmiz, biroq mahalliy veb-saytlarning domen nomlarini almashtirish bilan fishing holatlari qayd etila boshlandi, shuning uchun ushbu holatlarni oldini olish ustida ishlamoqdamiz. Boshqa mamlakatlardagi trendlarni hisobga olgan holda texnologiyalarni oldindan sinab ko‘rishga va joriy etishga harakat qilmoqdamiz. So‘nggi 4 yil ichida iqtisodiyotning o‘sishi nafaqat domenlar sonining uch barobar ko‘payishiga, balki mahalliy resurslarga maqsadli hujumlarni oshishiga ham olib keldi. Ma’lumotlar qimmatli manbaga aylandi. Ularni himoya qilish nafaqat texnologik tayyorgarlikni, balki umumiy savodxonlik va xabardorlikni ham talab qiladi. Shuning uchun Respublika tarixida birinchi marta veb-texnologiyalar va internet xavfsizligini targ‘ibot qiluvchi ijtimoiy reklamani yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Har bir veb-sayt egasi tarmoq xavfsizligi xizmatidan bemalol foydalanishini istaymiz» - deya izohladi UZINFOCOM rahbari Emil Gimranov.

DNS protokoli standarti 1983 yilda ishlab chiqilgan. Domain Name System (DNS) dastlab xavfsizlik maqsadlari uchun emas, balki kengaytiriladigan taqsimlangan tizimlarni yaratish uchun ishlab chiqilgan. Vaqt o‘tishi bilan DNS tizimi tobora zaiflashib borishi kuzatilmoqda. Firibgarlar foydalanuvchi so‘rovlarini ramziy nom bilan soxta serverlarga yo‘naltirib kredit karta raqami, paroli va boshqa maxfiy ma’lumotlarga osongina ega bo‘lmoqdalar. Foydalanuvchilarning o‘zlari hech narsa qila olmaydilar, chunki ko‘p hollarda ularning so‘rovi boshqa joyga yo‘naltirilganligiga shubha ham qilmaydilar – brauzerning panelidagi yozuvlar va saytning nomi foydalanuvchi ko‘rishni kutgan narsa ko‘rinadi. DNS xavfsizligini ta’minlash umumiy internet xavfsizligi uchun juda muhimdir.

Xalqaro tashkilotlar nuqtai nazaridan .UZ domeni internetning «toza» segmenti maqomiga ega, ya’ni hech qanday kiber urushlar va shov-shuvli jarayonlar kuzatilmaydi, bu ko‘p jihatdan hukumatning sohaga qaratilayotgan e’tibori hamda ma’mur va ro‘yxatdan o‘tkazuvchilarning faol ish olib borishi bilan bog‘liq. Biroq, raqamli «g‘azna»ning o‘sishi bilan kiberjinoyatlarning o‘sishi ham kutilmoqda.

«O‘zbekiston milliy domen zonasida Domen nomlari tizimi xavfsizligini kengaytirish (DNSSEC) ishga tushirilganini ICANN olqishlaydi va shu o‘rinda ta’kidlash joizki, .UZ domen Ma’muri ushbu loyihani qisqa rekord vaqt ichida Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib tayyorladi. Bu raqamli rivojlanish va yuqori darajadagi domenning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy va ishonchli qadamdir.

Bizning tavsiyalarimiz va samarali hamkorligimiz internet xavfsizligini ta’minlashning umumiy maqsadiga hissa qo‘shganidan juda mamnunmiz.

ICANN missiyasi internetning unikal identifikatorlari tizimining ishonchli ishlashini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib, biz UZINFOCOM Yagona integratoridagi hamkasblarimiz bilan bundan keyin ham hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lamiz», — deb izohladi domen nomlari va IP-manzillar bo‘yicha ICANN global korporatsiyasi vakili Mixail Anisimov.

APTLD (Asia Pacific Top Level Domain) xalqaro tashkiloti bosh menejeri Leonid Todorov shunday fikr bildirdi: «Biz O‘zbekistonning internet standartlarini joriy etishda tizimli yondashuvini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. UZINFOCOM domen zonasi ma’muri sifatida yangi texnologiyalar va trendlarni har tomonlama o‘rganadi, bir qator sinov-tajribalarini o‘tkazadi, kerak bo‘lganda texnik xodimlarni sertifikatlaydi va shundan keyingina amalga oshirishga kirishadi.

Biz mahalliy domen zonasidagi domenlar sonining o‘sishi va ularni endilikda texnik jihatdan himoya qilinishini ma’qullaymiz – bular boshqa domen zonalari vakillari bilan o‘quv mashg‘ulotlari, sinovlar, tajriba almashish natijalaridir. Tarmoqda xavfsizlik texnologiyalarini ijtimoiy reklama ko‘rinishida davlat darajasida targ‘ib qilinishi hattoki rivojlangan mamlakatlarda ham juda kam uchraydigan holat. O‘ylaymanki, bu tajriba yanada kengaytiriladi va biz boshqa ommaviy axborot vositalarida ham g‘oyaning targ‘ibotini ko‘ramiz. O‘z navbatida, UZINFOCOM Yagona integratorining qiziqarli tajribasini, bu safar Toshkentdagi, Internet standartlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan yirik xalqaro konferensiyalarida Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi va jahondagi hamkasblarimiz bilan o‘rtoqlashamiz, bunga doimo talab bo‘lgan».

Texnologiyani ishga tushirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchilarni o‘qitish bo‘yicha seminar onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.

DNSSEC xavfsizlik kengaytmasi xizmati ishga tushirilishi bilan, foydalanuvchilar xizmatdan .UZ zonasidagi domen nomlarini Ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar orqali  foydalanishlari mumkin.

DNSSEC veb-sayt texnologiyasini qo‘llab-quvvatlay olishini maxsus brauzer kengaytmasi yordamida bilib olishingiz mumkin. https://dnssec.uz saytida mashhur brauzerlar uchun kengaytmalarni yuklab olish uchun havolalar mavjud: Chrome, Firefox, Opera, Vivaldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring