Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerikaning eng keksa ayoli vafot etdi

Amerikaning eng keksa ayoli vafot etdi

Foto: «Associated Press»

Amerikaning Shimoliy Karolina shtati Sharlotta shahrida AQShning eng keksa ayoli olamdan o‘tdi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.

Turli manbalarga ko‘ra, Xester Ford 1904 yoki 1905-yilda tug‘ilgan. 2020-yil avgust oyida qarindoshlari uning 116 yilligini nishonladilar, ammo super uzoq umr ko‘ruvchilarni o‘rganadigan va sinovdan o‘tkazadigan Gerontologiya tadqiqot guruhi xodimlari ayolning atigi 115 yoshda ekanligini aytishmoqda. Ularning xulosasiga ko‘ra, Xester Ford 115 yoshu 245 kunligida vafot etdi.

Amerikalik ayol 14 yoshida turmushga chiqdi va bir yildan so‘ng birinchi farzandini dunyoga keltirdi. Uning jami 12 farzandi, 68 nabirasi, 125 chevarasi va 120 dan ortiq evarasi bo‘lgan. U 108 yoshigacha biror marta ham shifoxonaga bormagan, uyida o‘zgalarning yordamisiz kun kechirgan, COVID-19 pandemiyasidan oldin har oy ibodatxonaga qatnagan.

2020-yili Xester Ford aql-idrokini saqlab qolgani, mustaqil ovqatlanishi va xodunok yordamida qisqa masofalarga yura olishi haqida xabar berilgandi. Uning uzoq umr ko‘rish sirini so‘rashganda, u shunday javob bergan: «Men shunchaki to‘g‘ri yashayman, bor gap — shu».

Xester Ford vafotidan so‘ng nebraskalik Telma Satkliff va kaliforniyalik Mariya Branyas Morera eng keksa amerikalik ayollarga aylanishdi. Unisi ham, bunisi ham 114 yoshga to‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring