Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo bo‘ylab qochoqlar soni rekord darajada o‘sdi — BMT

Dunyo bo‘ylab qochoqlar soni rekord darajada o‘sdi — BMT

Foto: AFP

Qurolli nizolar va inson huquqlari buzilishi tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan odamlar soni o‘tgan yili rekord darajada — 82,4 million nafargacha o‘sdi. BMT Qochoqlar masalalari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi 18 iyun kuni Jenevada taqdim etgan hisobotda bu o‘n yil ilgarigidan ikki baravar hamda statistika yuritila boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich ekani aytiladi.

Koronavirus global pandemiyasi payti mamlakatlar o‘rtasida qatnovlar cheklanganiga qaramay, 2020-yilda qochoqlar soni deyarli uch hissaga ko‘paygan. Qariyb o‘n yildan beri o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgan bu jarayon to‘xtatilishi lozim, deyiladi hisobotda.

2020-yil oxiriga kelib, BMT Qochoqlar masalalari oliy komissari mandati ostidagi qochoqlar soni 20,7 million nafarni, falastinlik qochoqlar soni 5,7 million nafarni, inqiroz sababli vatanini tark etgan venesuelalik qochoqlar soni 3,9 million nafarni tashkil etgan.

Yana 48 million kishi ichki ko‘chirilgan shaxslar hisoblanib, o‘z mamlakatlari hududida qolmoqda. Bundan tashqari, turli mamlakatlardan boshpana so‘rayotgan 4,1 million kishi ham bor.

Uylarini majburan tark etganlarning 42 foizi — voyaga yetmaganlar. Tashkilot hisoblashicha, 2018–2020-yillarda qochoqlar orasida qariyb million nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu bolalar uzoq yillar qochoqlik maqomida yashashga mahkum, deya ta’kidlanadi hisobotda.

O‘z vatanini majburan tark etganlarning uchdan ikki qismi besh mamlakatga tegishli: Suriya, Venesuela, Afg‘oniston, Janubiy Sudan va Myanma. Qochoqlarning 86 foizini rivojlanayotgan qo‘shni mamlakatlar qabul qilgan.

Yetti yildirki, eng ko‘p qochoqni Turkiya qabul qilmoqda, 2020-yilning o‘zida 3,7 mln. nafar qochoq turk zaminida boshpana topdi. Keyingi o‘rinlarda: Kolumbiya (2020-yilda 1,7 mln. qochoqni qabul qilgan), Pokiston (1,4 mln.), Uganda (1,4 mln.) va Germaniya (1,2 mln.).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring