Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovaning afrikalik «singlisi»

Gulnora Karimovaning afrikalik «singlisi»

Foto: «qz.com»

Prezidentning erka qizi yillar davomida o‘z xalqi boyliklarini g‘orat qildi. Go‘yo mamlakat onasi mahriga berilgandek, barcha daromadli sohalarni zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritdi. Xalqi kulbalarda jon saqlayotgan bir paytda u dunyoning nomdor shaharlarida dang‘illama qasrlar sotib oldi. Millionlab millatdoshlari bir burda nonga zor yashayotgan bir pallada u jahonga mashhur «yulduz»lar davrasida bazmi jamshidlar uyushtirdi. Padari prezident emasmi, arzanda malikaning mushugini pisht deyishga hech kim jur’at eta olmadi...

Gap olis Afrikaning Angola davlatini salkam 40 yil (1979-2017) davomida temir musht bilan idora qilgan Joze Eduardu dush Santushning qizi Izabel xonim haqida ketmoqda. Afrikaning eng boy ayoli deb tan olingan Izabel dush Santushning jinoiy qilmishlari Xalqaro tekshiruvchi jurnalistlar uyushmasi (ICIJ) tomonidan fosh etildi.

«Luanda Leaks» deb atalgan tekshiruv sakkiz oy davomida 120 dan ziyod jurnalist tomonidan olib borildi. Ziyrak va zakiy jurnalistlar yuz minglab hujjatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, o‘zini halolu pok tadbirkor va saxovatpesha malika timsolida ko‘rsatib kelayotgan Izabel dush Santushning asl qiyofasini ochib tashladilar.

Foto: «icij.org»

Ma’lum bo‘lishicha, Angola prezidenti o‘z rahbarlik davrida xalq mulkini o‘marish borasida qizi Izabelga cheksiz-chegarasiz imkoniyatlar tuhfa etgan. Izabel hamda uning biznes hamkori va turmush o‘rtog‘i Sindika Dokolo o‘n yillar davomida Angola boyliklarini talon-toroj qilgan. Er-xotin 40 dan ziyod mamlakatdan yuzlab soxta shirkatlar tashkil etgan. Malta, Honkong, BAA, Mavrikiy kabi o‘lkalarda ro‘yxatdan o‘tgan qo‘lbola shirkatlar orqali Angola boyliklari ustalik-la o‘marilgan.

1999-yili endigina 26 yoshga kirgan Izabel «Angola Selling» kompaniyasini ta’sis etadi. Ota suyukli qiziga tegishli mazkur kompaniyaga mamlakat olmoslarini eksklyuziv tarzda sotish huquqini peshkash qiladi.  Bir yil o‘tib, Angola hukumati Unitel uyali aloqa kompaniyasiga litsenziya taqdim etadi. Uyali aloqa bozorida monopol mavqega ega kompaniyaning egasiyu ta’sischisi ham prezidentning erka qizi edi.  Shu tariqa 30 yoshga kirar-kirmas Izabel millionlab dollar bebiliska boylik orttiradi, Londonu Lissabonlardan serhasham saroylar sotib oladi. Qisqa fursatda yirik banklar, neft, kommunikatsiya shirkatlari va zargarlik uylari aksiyalariga ega chiqib, Afrikaning eng davlatmand ayoliga aylanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, uning boyligi 2-3 milliard dollarni tashkil etadi.

«Luanda Leaks» deb atalgan keng ko‘lamli tekshiruv e’lon qilinishi ortidan  Angola hukumati Izabel dush Santushni vataniga qaytarib jinoiy javobgarlikka tortish uchun barcha choralar ishga solinishini e’lon qildi. Mamlakatda unga qarshi jinoiy ish ochildi va mablag‘lari «muzlatildi». Tabiiyki, Izabel dush Santushning o‘zi bu ayblovlarni butkul rad etmoqda.

Foto: «aljazeera.com»

2017-yilda keksa mustabid Joze Eduardu dush Santush siyosiy bosimlar ostida prezidentlikni topshirishga majbur bo‘lgan edi. O‘shandan buyon sobiq malika London va Dubayda yashamoqda.

Izabel dush Santushning qing‘ir ishlari O‘zbekistonning sobiq malikasi Gulnora Karimovaning jinoyatlarini yodga soladi. Bu ikki xonim taqdirida o‘xshashliklar talaygina. Ular deyarli bir paytda, bir makonda (sobiq Ittifoq hududida) dunyoga kelgan: Gulnora Karimova 1972-yili Farg‘onada, Izabel esa 1973-yili Ozarboyjonning Boku shahrida tug‘ilgan (Angolaning bo‘lajak prezidenti Joze Eduardu dush Santush rafiqasi, SSSR fuqarosi Tatyana Kukanova bilan Boku universitetida tahsil yillari tanishgan edi). Ikki xonimning hayot tarzi, shaxsiy tutumiyu boylik orttirish usullarida ham o‘xshashliklar talaygina. Ammo bu – alohida maqolaga mavzu bo‘ladigan masala...

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring