Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil Eron bo‘yicha jiddiy xavotirlarini e’lon qildi

Isroil Eron bo‘yicha jiddiy xavotirlarini e’lon qildi

Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapidning so‘zlariga ko‘ra, agar Eronda yadro quroli paydo bo‘lsa, butun Yaqin Sharq mintaqasida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashadi va yadro quroliga egalik bo‘yicha o‘ziga xos musobaqa boshlanib ketadi.

«Bundan nafaqat Isroil, balki Eronning yaqin qo‘shnilari bo‘lgan Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn ham jiddiy xavotirda. Odamlar tushunishi kerak, mabodo Eron unga ega bo‘lsa, Saudiya Arabiston, Misr, Turkiya yadro qurolini ishlab chiqara boshlaydi», - deydi vazir. 

Yaqinda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) ham o‘z choraklik hisobotida, so‘nggi paytlarda Eron yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini to‘rt barobarga ko‘paytirgani qayd etilgan.

Hozirda mamlakatda 60 foizgacha boyitilgan 10 kilogramm uran mavjud. Shu bilan birga, 20 foizga boyitilgan uran miqdori 84,3 kilogrammga organ. Bu xalqaro hamjamiyatni jiddiy tashvishga solmoqda.

Mamlakat yangi prezidenti Ibrohim Raisiy Tehron yadro kelishuvlari bo‘yicha muzokalarga tayyorligini, ammo bu jarayon G‘arbning bosimi ostida bo‘lmasligini ta’kidladi. Hozirda yadro dasturlari bo‘yicha muloqot boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishi bilan O‘rta va Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelayotgan bo‘shliq o‘rnini Eron tezda egallashi mumkinligi bashorat qilinmoqda. U Rossiya va Xitoy bilan yaqin sheriklikda AQShning bu keng hududdagi ta’sirini keskin zaiflashtirishga qodir kuch.

Eron ShHTga qo‘shilishni istaydi

Eron shu kunlarda Dushanbeda o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga uzil-kesil qo‘shilish niyatida ekanini aytmoqchi. U 2005 yildan buyon kuzatuvchi davlat maqomida bo‘lib, bir qancha murojaatlariga qaramay to‘laqonli a’zo bo‘lish istagi ro‘yobga chiqmay kelmoqda.

Shu bilan birga, u Tashkilotning ikki asosiy davlati bilan aloqasi namunali tarzdadir. Masalan, Xitoy bilan 25 yilga mo‘ljallangan strategik kelishuv imzolangan. Pekin Eron neftining asosiy sotib oluvchisi sanaladi. Pekin bu mamlakat iqtisodiyotiga 400 milliard dollar sarmoyalar kiritmoqchi.

Rossiya bilan ham shunday keng ko‘lamli hujjat tayyorlanmoqda.

Avvalgi Prezident Xasan Ruhoniyning G‘arb bilan kelishuvga erishishga intilgani, biroq bu natijasiz yakunlangani oliy rahbar – oyatullo Ali Homeniy tomonidan keskin tanqid qilindi.

Chunki Ruhoniy boshqaruvi davrida, 2015 yil iyulda oltita qudratli davlatlar rahbarlari va Eron Qo‘shma keng ko‘lamli harakatlar rejasini qabul qilishgan edi. AQSh sobiq Prezidenti Donald Tramp bu muhim kelishuvdan 2018 yil mayda bir tomonlama chiqib ketgan va Tehronga qarshi sanksiyalarni qayta tiklagan edi. Bunga javob tariqasida Eron kelishuv shartlarini bajarishni butunlay to‘xtatgandi.

Hozirda Bayden ham Eron bo‘yicha aniq pozitsiyaga ega emas va sansiyalar yumshatilishi bo‘yicha biror bir ishora berganicha yo‘q. Ammo Vashington yadro kelishuvlari qayta tiklanishiga qiziqish bildirmoqda.

Yaqinda Venada AQSh va Eron o‘rtasida bilvosita muzokaralar olib borildi. Markaziy Razvedka boshqarmasi boshlig‘ining Isroilga tashrifi bilan Yaqin Sharqda navbatdagi beqarorlik yanada avj oldi.

Oliy yetakchining xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiyning tasdiqlashicha, Raisiy tashqi siyosatda Sharqqa mo‘ljal olishi kerak. Xitoy, Hindiston va Rossiya bilan strategik hamkorlik munosabatlari iqtisodiyotni ko‘taradi, albatta.

Shu bilan birga, Tehron birinchi galda asosiy e’tiborni fors ko‘rfazi arab davlatlari bilan aloqalarni tiklashga qaratadi. Shu bois yangi tashqi ishlar vazirligi Osiyo yo‘nalishidan tashqari, qo‘shnilar bilan munosabatlarni kengaytirishga jiddiy ahamiyat qaratmoqda.

«Komanda» a’zolarining ayrimlari sanksiyada

Ibrohim Raisiy uzoq yillardan buyon yig‘ilib qolgan muammolarni har tomonlama hal qilish uchun inqilobiy jamoani shakllantirishga intilmoqda. Ammo vazirlarning yarmiga yaqini avvalgi ma’muriyatlarda mehnat qilgan.

Ularning ayrimlari AQSh sanksiyalariga tushgan bo‘lsa, bittasi Interpol tomonidan qidiruvda. Birorta ham ayol vazir yo‘q.

Ichki ishlar vaziri lavozimiga sobiq mudofaa vaziri, «Al-Kuds» maxsus kuchlari rahbari Ahmad Vohidiyning tayinlanishi Isroil va Argentinaning ayniqsa, g‘azabini qo‘zg‘atdi. U 1994 yilda Buenos-Ayresda Yahudiylar madaniyat markazida 85 kishi qurbon bo‘lishiga olib kelgan terrorchilik harakatini amalga oshirishda ayblangan va AQShda qora ro‘yxatda turadi. 

Eng yomoni, Raisiyning o‘zi ham Vashington sanksiyalari ostida. Bu esa kelgusida mamlakatga sarmoyalar jalb etish va islohotlar o‘tkazishga to‘siqlik qilishi muqarrar.

AQSh Prezidenti Bayden ma’muriyati cheklov choralarini yengillashtirish hisobiga Harakat rejasiga qaytishini istaydi, buning evaziga yon berishga ham tayyor. Gumanitar yordam yetkazib berish allaqachon sanksiyalardan ozod qilingan, AQSh Fors ko‘rfazi davlatlarida harbiylar ishtirokini kamaytirdi.

AQSh sanksiyalari Eronning neft eksportidan keladigan daromadlarini keskin qisqartirib yubordi, o‘z valyuta zaxiralariga egalik imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Mamlakat iqtisodiyoti yuqori inflyasiyadan qattiq doimiy aziyat chekmoqda, ko‘plab mahsulotlar narxlari oshib borayapti.

Avval katta moliyaviy imkoniyatlarga ega diniy jamg‘armani boshqargan, sud tizimiga rahbarlik qilgan amaldagi prezident Raisiyni Oliy diniy rahbarga ehtimoliy voris, deb ham qarashmoqda. U korrupsiyaga qarshi kurash, qat’iy tartib va intizom o‘rnatish bo‘yicha juda katta tajribaga ega.

Bundan tashqari, Raisiy Eron ekspertlar kengashi raisi o‘rinbosari bo‘lib, bu organ huquqshunoslar va diniy ulamolardan tuzilgan va xalq tomonidan saylanadi. U Oliy diniy yetakchini tanlaydi, uning faoliyati ustidan nazoratni olib boradi va uni lavozimidan almashtirish huquqiga ega. Eron siyosiy tizimida bu juda muhim o‘ringa ega organ hisoblanadi. 

30 million odam emlandi

Eron yangi yetakchisi aholi turmushini yaxshilash, korrupsiya va inflyasiyaga qarshi kurashish barobarida pandemiyaning ham oldini olishga intilmoqda. Eronda 9 fevraldan Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasidan foydalangan holda, bepul asosda aholini emlash boshlangan edi.

Hozirgacha Eronda 30 million kishi emlandi. Ularning 20 millionni birinchi dozani olgan. Hozircha ushbu oy oxiriga qadar Eronga COVID-19ga qarshi kurashish maqsadida 20 million dona vaksina keltiriladi.

Eron tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Said Xatibzodaning fikricha, yana bir necha million doza, oktyabr oyida keltiriladi. Bu o‘rinda gap Xitoy, COVAX tizimi orqali keltirilayotgan Britaniya-Shveyiya «AstraZeneca» va boshqa davlatlar vaksinalari haqida ketmoqda.

Shunga qaramay, hozirda kunlik kasallanish holati 30 mingni, o‘limlar soni esa 500 nafardan ortiqni tashkil qilmoqda.

Yaman, Iroq, Livan, Afg‘oniston...

Hozircha rasmiy Tehronning tashqi siyosat yo‘nalishi haqida biror aniq fikr aytish qiyin.

Eng qizig‘i, bilan hech kim ishlamayapti. Raisiy Yaman xalqini so‘nggi yetti yilda bosqinchilarga qarshi kurashini olqishlagan va bu kurashda ular bilan birga ekanligini bildirgan.

Bu fikrni Eron Prezidenti saylangan chog‘ida o‘ziga tabrik maktubi yo‘llagan Yaman oliy siyosiy kengashi prezidenti Mahdi al-Mashatga yo‘llagan javob xatida bildirgan.

Bu o‘rinda gap Tehronning mintaqadagi asosiy raqobatchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni va boshqa qo‘shni davlatlar bilan  munosabatlari sovuqlashishi haqida ketmoqda. Chunki 2015 yil martda ushbu davlat o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda, AQShning moddiy-texnik ta’minoti yordamida Yamanga qarshi harbiy hujum uyushtirgan edi.

Yangi prezident Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Xusayn bilan Tehrondagi uchrashuvi chog‘ida bu mamlakatdagi vaziyatdan ham havotirdaligini yashirmadi va muammolar tezroq hal bo‘lishiga umid bildirdi. «Mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi muloqot muhimdir. Iroq Kurdistonidagi kurdlar qurollarni to‘liq tashlashi dolzarb», dedi Eron rahbariyati.

Tehron Isroilga qarshi bo‘shgan va Livandan qo‘nim topgan «Hizbulloh» partiyasini ham doimiy qo‘llab-quvvatlab keladi. Eron qo‘shnisi Afg‘onistonidagi har qanday hukumat bilan hamkorlikka tayyorligini ham ochiq aytgan.

Yangi Prezident mintaqa ishlariga tashqi kuchlarning aralashuvini tahdid sifatida qaramoqda.

Shu bilan birga rasmiy Tehron Trapm davrida Eronning Yaponiya hukumati tomonidan muzlatib qo‘yilgan 3 milliard dollarga yaqin moliyaviy aktivlarini yechishini talab qilmoqda.

Dildora Shomurodova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring