Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jeenbekov iste’fo haqida: «Men uchun hech qanday lavozim jamiyat tinchligidan yuqori emas»

Jeenbekov iste’fo haqida: «Men uchun hech qanday lavozim jamiyat tinchligidan yuqori emas»

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 9-oktyabr kuni mamlakatdagi mavjud siyosiy vaziyat bilan bog‘liq ravishda qirg‘iz xalqiga yana bir murojaat bilan chiqdi. Bu haqida «Kabar» nashri yozdi.

Prezident ma’muriyatining axborot siyosati bo‘limining xabar berishicha, davlat rahbarining murojaatida shunday dedi:

«Aziz vatandoshlar!

Mamlakatdagi siyosiy vaziyat juda muhim nuqtaga yetdi.

Ushbu vaziyatni hal qilish uchun quyidagi amallarni bajarishimiz kerak.

Jo‘qorg‘i Kengesga saylov natijalari bekor qilindi. Endi yangi parlament saylovlari tayinlanishi kerak. Ushbu masala bo‘yicha qaror MSK tomonidan qabul qilinadi. Ushbu choralar hozirgi siyosiy ziddiyatlarni yumshatadi.

Shu bilan birga, inqirozdan oldin ishlagan Bosh vazir va hukumat a’zolarini ishdan bo‘shatish zarur, bu esa yangi lavozimlarga tayinlanish uchun huquqiy asos yaratadi. Yangi Bosh vazir va Hukumat a’zolarini tayinlashni qonuniylashtirish uchun Jo‘qorg‘i Kengesning qarori va Prezident farmoni talab qilinadi. Tegishli farmonlarni imzolashga tayyorman, Jo‘qorg‘i Kengesning qarorlarini kutaman.

Parlament a’zolari o‘z vazifalarini bajara olishlari uchun huquqni muhofaza qilish organlari Jo‘qorg‘i Kenges deputatlarining xavfsizligini ta’minlashi shart.

Aziz vatandoshlar, yuqorida aytib o‘tganimdek, amalga oshirilayotgan kadrlar almashinuvini qonuniylashtirmoqchiman. Men uchun hech qanday lavozim davlat yaxlitligidan, xalq birligidan va jamiyat tinchligidan yuqori emas.

Mavjud vaziyatni iloji boricha tezroq tiklashimiz kerak. Ijro etuvchi hokimiyatning qonuniy rahbarlari tasdiqlangandan keyin va mamlakat qonuniylik yo‘lini tutgandan so‘ng, men Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti lavozimini tark etishga tayyorman.

Men barcha siyosiy kuchlarni mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga, odamlarni va jamiyatni bo‘linmaslikka chaqiraman. Qodir Xudo barcha siyosiy kuchlarga donolik va sabr ato etsin!».

Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlaridan so‘ng xalq norozilik namoyishlarini boshlagan va Oq Uyni ishg‘ol etishgani haqida yozgan edik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring