Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kiprikdagi yoshdek omonat sayyora. Germaniya prezidenti qonli urushlarni to‘xtatish yo‘lini aytdi

Kiprikdagi yoshdek omonat sayyora. Germaniya prezidenti qonli urushlarni to‘xtatish yo‘lini aytdi

Frank Valter-Shtaynmayer: «Tinchlik shunchaki urushlarning bartaraf etilishini anglatmaydi...»

Foto: GFR prezidenti rasmiy sayti

Ma’rifat asri deb atalgan XXI yuzyillikda ham insoniyat qirg‘inbarot urushlar domida qolmoqda. Minglab odamlarning yostig‘ini quritayotgan qonli kurash va qo‘poruvchilik harakatlari muqaddas din nomi ila amalga oshirilmoqda. Axir, diniy ta’limotlarning barchasi insonlarni totuvlikka targ‘ib etmaydimi? Samoviy dinlarda bir insonni o‘ldirish butun bashariyatni qirib tashlash kabi gunohi kabira sanalmaydimi?

Germaniyaning Lindau shahrida joriy yil 20-23-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan «Dinlar tinchlik yo‘lida» (Religions for Peace) ittifoqining X umumjahon assambleyasida shu kabi insoniyat istiqboliga daxldor masalalar muhokama etildi.

Xalqaro mashvaratni Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank Valter-Shtaynmayer ochib berdi.

Olmon yetakchisi muqaddas diniy tushunchalar butun dunyoda siyosiy qurolga aylanib borayotganini xatarli hol deya baholadi.

«Diniy e’tiqod insonning umriga mazmun-mohiyat bag‘ishlovchi, unga hayot va o‘lim onlarida mislsiz halovat ato etuvchi kuchli, ayni choqda, tilsimli qudratga ega. Taassufki, e’tiqod hamda dindan siyosiy maqsadlar va dinga aloqasiz intilishlarni xaspo‘shlash vositasi sifatida ham istifoda etish mumkin», – dedi Germaniya prezidenti.

Notiq o‘z ma’ruzasida 1618-1648-illarda ro‘y bergan o‘ttiz yillik urushni yodga oldi. Germaniyadagi katoliklar va protestantlar o‘rtasida kelib chiqqan qurolli nizo butun Yevropaga yoyilib, 700 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan edi. Afsuski, dinni siyosiy qurol sifatida foydalanish bugun ham davom etmoqda.

Germaniya prezidenti, xususan, Myanma, Nigeriya, Mali, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlarda vijdonsiz kimsalar dindan yovuz maqsadlarga foydalanayotganini qayd etdi. 

Frank Valter-Shtaynmayerga ko‘ra, tinchlik barcha dinlarning tamal toshi, o‘zak g‘oyasi sanaladi va muqaddas ta’limotdan ixtilofu qon to‘kishlarni oqlash vositasi sifatida foydalanish g‘irromlikdan o‘zga narsa emas. Din faqat va faqat tinchlik vositasi bo‘lmog‘i lozim!

Siyosatdon o‘z chiqishida dinlararo murosa bo‘lmas ekan, dunyoda tinchlik o‘rnatish xomxayol bo‘lib qolishini urg‘uladi.

Olmon davlati rahbari tinchlik tushunchasi keng qamrovli ekaniga ham e’tibor qaratdi.

«Tinchlik shunchaki urushlarning bartaraf etilishini anglatmaydi. Tinchlik – dunyo boyliklarini adolatli taqsimlash demakdir. Tinchlik –  e’tiqodga erkin amal qilish, o‘z diniy qarashlarini to‘sqinliksiz izhor etmoqdir. Tinchlik – jinsi, nasl-nasabi va ijtimoiy maqomidan qat’i nazar teng huquqlarga ega bo‘lmoqdir», – dedi u.

Xalqaro mashvarat munosabati bilan Lindau shahrida o‘rnatilgan «Tinchlik halqasi» skulpturasi.

Foto: Religions for Peace

Prezident Frank Valter-Shtaynmayer sayyoramizdagi turli ziddiyat va nizolarni hal etishda din muhim vosita ekanini ta’kidlab, siyosat va diplomatiya ahli buni yaxshi anglashi lozimligini uqtirdi. 

Qayd etilishicha, keyingi yillarda rasmiy Berlin o‘z tashqi siyosatida ana shu tamoyilga sodiq qolmoqda. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi tizimida Din va tashqi siyosat boshqarmasi faoliyat yuritmoqda. Germaniya din va tinchlik mavzusidagi nufuzli xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilmoqda.

Olmon yetakchisi o‘z ma’ruzasida G‘arbda shuhrat qozongan san’atkor Jon Lennonning «Tasavvur qiling» (Imagine) nomli qo‘shig‘idan parcha keltirdi. «Asr qo‘shig‘i» deb atalgan ushbu taronada «Zamonlar o‘tib butun insoniyat og‘a-inilardek ahil yashashiga ishonaman. Balki siz meni xayolparast deb o‘ylarsiz. Ammo kun kelib siz ham menga hamfikr bo‘lishingizga umid qilaman» degan mazmundagi nekbin g‘oyalar kuylangan.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi va Bavariya hukumati shafeligida Lindau shahrida o‘tkazilgan xalqaro mashvaratda 125 ga yaqin davlatdan 900 dan ziyod vakil qatnashdi.

«Dinlar tinchlik yo‘lida» ittifoqining X umumjahon assambleyasida sayyoramizda barqarorlik o‘rnatishda diniy jamoalarning o‘rni muhokama etildi. Anjumanda tashkiliy masala ham ko‘rildi. So‘nggi 27 yil ichida «Dinlar tinchlik yo‘lida» ittifoqi bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan doktor Uilyam Vendli o‘z vazifasini tark etdi. Uning o‘rniga niderlandiyalik professor Azza Karam nomzodi tasdiqlandi.

Nufuzli ittifoqqa endilikda professor Azza Karam boshchilik qiladi.

Foto: Religions for Peace

«Dinlar tinchlik yo‘lida» turli konfessiyalarning xalqaro ittifoqi bo‘lib, u yuzga yaqin milliy va olti mintaqaviy diniy uyushmani yagona bayroq ostida birlashtirgan. Ittifoq 1973 yildan BMT huzurida nodavlat tashkilot sifatida ro‘yxatga olingan. Xalqaro birlashma, shuningdek, YuNESKO, YuNISEF kabi nufuzli tashkilotlarda kuzatuvchi maqomiga ega. Har besh yilda xalqaro ittifoqning umumjahon assambleyasi o‘tkaziladi. Tashkilotning xalqaro mashvaratlariga 1970-yildan buyon Belgiya, AQSh, Keniya, Avstraliya, Italiya, Iordaniya, Yaponiya, Avstriya, Yaponiya (ikki marta) mezbonlik qilgan. 

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring