Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Misrga suv, Efiopiyaga elektr kerak — Nil GESi mintaqaviy inqiroz o‘chog‘iga aylanishi mumkin

Misrga suv, Efiopiyaga elektr kerak — Nil GESi mintaqaviy inqiroz o‘chog‘iga aylanishi mumkin

Illyustrativ foto

Misr, Sudan va Efiopiya o‘rtasida «Qayta tug‘ilish» (GERD) GESi bo‘yicha AQSh shafe’ligida o‘tkazilayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Qohira va Xartum GESni qurayotgan Efiopiyani o‘zaro bitim shartlarini buzishda aybladi, deb xabar berdi «Al-Ahram» nashri.

«Ilgari uch mamlakat AQSh hamda Jahon banki ishtirokida va shafe’ligida kelishgan bitim tamoyillari va qoidalaridan Efiopiyaning batamom chekinayotganidan Misr va Sudan norozi», — deyiladi Misr suv resurslari vazirligi bergan bayonotda.

Qohira Epiopiyaning qoidalarni buzishi mintaqada inqirozli holatni keltirib chiqarishidan xavotirda.

Efiopiya 2012-yildan beri Moviy Nilda (daryoning shu qismi Sudan va Misrdan ham o‘tgan — tahr.) Afrikadagi eng yirik gidroelektrostansiyani qurmoqda. Efioplar stansiya qurilib bitguniga qadar kerakli miqdordagi suvni yig‘ishni iyul oyidan boshlashni rejalashtirishgan. Buning uchun 74 mlrd. kub metr suv kerak. Qohira to‘g‘onni asta-sekin — 10 yil davomida to‘ldirishni talab qilyapti. Efiopiya esa ko‘p kutmasdan, uch yilda suvni to‘plab olmoqchi. Agar efioplarning «uch yillik» rejasi ishga tushsa, Sudan va Misrda 25 mlrd. kub metr suv kamomadi ortidan qurg‘oqchilik boshlanib ketib, hosil nobud bo‘ladi.

Talafotning kattasini Misr ko‘radi. Biroq, «Al-Monitor» nashri yozishicha, Qohira qurilishga qarshilik ko‘rsata olmaydi, negaki xalqaro hamjamiyat Misrning Efiopiyaga bevosita bosim o‘tkazishiga jim qarab turmaydi. Shuning uchun ham misrliklar hukumati najotni o‘zlari bilan bir ahvoldagi, biroq tarozining pallasini tanlashda ikkilanayotgan sudanliklardan kutishyapti.

Uch mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuvga fevral oyida Vashington mezbonlik qilgandi, o‘shanda GESni qanday boshqarish va to‘ldirish bo‘yicha bitimga faqat Misr imzo chekkandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring