Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mutlaqo maxfiy! Davlat rahbari salomatligi haqidagi ma’lumot nega sir tutiladi?

Mutlaqo maxfiy! Davlat rahbari salomatligi haqidagi ma’lumot nega sir tutiladi?

Foto: «finance.yahoo.com»

Germaniya kansleri Angela Merkelni rasmiy qabul payti bir necha bor titroq tutib qolishi, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning «o‘ldi»ga chiqarilishi bahonai sabab bo‘ldiyu bahs-munozara yana avj oldi: davlat va hukumat rahbarlarining salomatligi haqidagi ma’lumotlar sir tutilishi kerakmi? Yoki xalq o‘zi ishonch bildirib saylagan oliy martabali zotlar sihati xususidagi ma’lumotlardan voqif bo‘lishga haqlimi?

«Prezident nega buncha ozg‘in, mabodo kasal emasmi?..»

Avvaldan aytib qo‘yaylik, davlat va hukumat rahbarlarining salomatligi xususidagi axborot hatto demokratiya vatani sanalgan G‘arb mamlakatlarida ham elga dasturxon qilinavermaydi. Bunga yaqin tarixdan ham, bugundan ham misollar talaygina.  

Foto: «Golos Ameriki»

AQSh. Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar rahbarligiga saylanganidan buyon uning sihati haqida xush-noxush gaplar tarqalgani tarqalgan. Birov Oq uy rahbari Alsgeymer xastaligiga chalingan deydi, boshqa birov uni aqliy zaif deb gumon qiladi. Prezidentning shaxsiy shifokori oliysha’n mijozi salomatligida muammo yo‘q ekanini ta’kidlaydi. Tramp esa kamtarligu kamsuqumlikni bir chetga qo‘yib, o‘zini favqulodda zakovat sohibi – geniy deb ataydi.

Qo‘shma Shtatlarda prezidentning betob bo‘lishi davlat ahamiyatiga molik masala sanaladi. Gap shundaki, mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan 25-o‘zgartirishda prezident vazifasini bajara olmay qolgan taqdirda muddatidan oldin vakolatini topshirishi qayd etilgan. Huquqshunoslar esa ushbu moddada aynan davlat rahbarining salomatligi yomonlashuvi ko‘zda tutilgan, deb talqin etadilar.

Yaqin o‘tmishda Amerika keng jamoatchiligi prezidentning ahvoli haqida u qadar ko‘p ma’lumotga ega bo‘lmagan. Masalan, Vudro Vilson (1913-1921) bir necha bor insult bo‘lgan, hatto bir gal davlat rahbarining ahvoli og‘irlashganda rafiqasi prezident vazifasini bajarib turgan. Ammo bu hol ommaga oshkor etilmagan.

1961 yil 20 yanvarda 43 yoshli Jon Kennedi Qo‘shma Shtatlar prezidenti sifatida qasamyod qiladi. Yangi rahbar ko‘p millionli omma mehrini qozonadi. Ammo navqiron vujud xasta ekani, prezidentning umurtqa pog‘onasi va buyragi xasta ekanidan xalq bexabar edi. Ma’lumotlarga qaraganda, Kennedi qotil o‘qiga nishon bo‘lgunga qadar, ikki yarim yil rahbarlik davrida to‘qqiz marta  shifoxonaga yotgan, ammo bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.

Endilikda AQShda prezidentlikka nomzodlarning yillik tibbiy ko‘rigi natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish urfga kirmoqda.

Foto: «Izvestiya»

Fransiya. Farang diyorida prezidentning salomatligi sir pardasi ostidagi mavzulardan sanaladi. Shu boismi Beshinchi respublikada ham turfa ovozalar tarqalishi odatiy holga aylangan. Mahalliy matbuotda amaldagi prezident Emmanuel Makronning xiyla ozg‘inligi ko‘p va xo‘b muhokama etilgan: davlat rahbari nega buncha oriq, ishqilib sihati joyidami, mabodo kasal-pasal emasmi?.. Yelisey saroyi voizlari esa davlat rahbarining salomatligidan jilla xavotirga o‘rin yo‘qligini uqtirib keladi.

Darvoqe, Fransiyani 1981-1995-yillarda boshqargan Fransua Mitteran prostata saratoniga chalingani ko‘p yillar maxfiy saqlangan. Operatsiya zarurati tug‘ilgandagina bu haqda ommaga ma’lum qilingan.

Saltanatda sir yotmas

Avtoritar tuzumdagi davlatlarda yetakchilarning salomatligi haqidagi ma’lumotlar qattiq sir tutiladi: «O‘limdan xabarim bor, Birinchining bemor ekanidan xabarim yo‘q!». Ammo oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, saltanatdagi sirlarni ham yashirish amrimahol.

Foto: «TSN»

Shimoliy Koreya. Hokimiyatni bobosiyu otasidan meros qilib olgan 35 yashar Kim Chen Inning salomatligiga jindek shubha bildirish boshni jallod kundasiga qo‘yish bilan barobar. Aytishlaricha, qisqa fursatda «dohiylik»ning havosini olgan yosh rahbarning lug‘atida «rahm-shafqat» so‘zi yo‘q. Ziyrak kuzatuvchilar fikricha, Shimoliy Koreya rahbari yurak xastaliklari, qandli diabet va yana boshqa dardlarga chalingan. G‘arb matbuoti esa Kim Chen In xastaliklar va uyqusizlik sabab keyingi yillarda oz emas, 30-40 kilogramm vazn yo‘qotgan, deb hisoblaydi.

Foto: «Rossiya1»

Venesuela. Ugo Chaves 2012 yil oktyabrda prezidentlik saylovida qatnashib, to‘rtinchi bor davlat rahbarligiga saylandi. Avvalroq Chaves saratonga chalingani, ammo xastalikni yenggani haqida rasmiy bayonot berilgan edi. Ammo saylovdan keyin ma’lum bo‘ldiki, saraton chekingani haqidagi gaplar yolg‘on ekan. Ugo Chaves inauguratsiya marosimida ham qatnasha olmay vafot etdi. Mamlakat esa siyosiy inqiroz domida qoldi. Muxolifat davlat rahbarining betob ekani yashirilganini «xalqqa hurmatsizlik» deb atadi.

Foto: «glavred.info»

Rossiya. Vladimir Putinning salomatligi haqida ma’lumotlar qattiq muhofaza etiladi. Yigit kishiga qirq hunar oz deganlaricha bor. Tomoshabin Putinni hali xokkey o‘ynayotgan, hali baliq tutayotgan, hali chavandozlik qilayotgan, hali dzyudo gilamida bellashayotgan holda ko‘radi. Kreml yetakchisi televideniyeda kamnamo bo‘lib qolsa bormi, yashin tezligida uning xastaligi haqida mishmishlar tarqaladi. Ammo sobiq razvedkachining salomatligi haqidagi ovozalarning qay biri rost-u, qay biri yolg‘onligini aniqlash, rus xalqi ta’biri bilan aytganda, somon g‘arami orasidan igna qidirishdek mushkul yumush.

Muhokama etilayotgan mavzu borasida tahlilchilar ikki “lager”ga bo‘lingan. Oz sonli mutaxassislar davlat va hukumat rahbari salomatligi haqidagi ma’lumotlar tibbiyot siri ekanini ta’kidlaydi. Ko‘pchilik esa, davlatni idora etayotgan yetakchining ahvoli ruhiyasidan xalq–elektorat–saylovchi xabardor bo‘lmog‘i shart, deb hisoblaydi.

Maqola avvalida Germaniya kansleri va Turkmaniston prezidentini yodga olgan edik. 65 yoshli Merkel xonim yaqinda salomatligidan xavotirlanishga asos yo‘qligi,  2021-yilga qadar kansler lavozimida qolish istagida ekanini ma’lum qildi. Turkmaniston oliy rahbariyati esa Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘limi haqidagi ovozalarni shunchaki rad etish bilan cheklanmadi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, prezident qo‘qqis vafot etgani haqida xabar tarqatganlarni hibsga olish allaqachon boshlandi...

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring