Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navalniy davolangan shifoxona bosh shifokori bedarak yo‘qoldi

Navalniy davolangan shifoxona bosh shifokori bedarak yo‘qoldi

Foto: «Skurkis.com»

Omsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri, Aleksey Navalniy zaharlanishdan keyin yotgan Omskdagi 1-sonli shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasining sobiq bosh shifokori Aleksandr Muraxovskiy izsiz g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tayanib Kommersant xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, Muraxovskiy 7-may kuni soat 16:00 atrofida kvadrotsiklda o‘rmonga borgan. Ushbu kvadrotsikl esa Bolsheukovskiy viloyatining botqoqlaridan birida topilgan.

«Dojd» telekanali Aleksandr Muraxovskiyning rafiqasi bilan telefon orqali bog‘langan. Biroq u voqea yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

E’tiborlisi, fevral oyida Aleksandr Muraxovskiyning anesteziologiya va reanimatsiya bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Sergey Maksimishin 55 yoshida vafot etdi. O‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgani aytildi. Keyinchalik мart oyida Omsk shifoxonasining travmatologiya va ortopediya bo‘limi boshlig‘i Rustam Agishev 63 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. O‘lim sababi miyaga qon quyilishi deya ko‘rsatilgan.

Aleksey Navalniy 2020-yil 20-avgustda Tomskdan Moskvaga uchayotgan samolyotda hushini yo‘qotganidan so‘ng shoshilinch ravishda Omsk shifoxonasiga yotqizilgandi. Omsklik shifokorlar zaharlanishni istisno qilishib, unga metabolik kasalliklari tashxisini qo‘yishgan.

Siyosatchining oilasi uni Omsk shifoxonasidan Berlin klinikasiga ko‘chirishni talab qilishgan. Natijada 22-avgust kuni Navalniy hushsiz holatida Berlinga ko‘chirib o‘tkazilgan. Avvalgi tashxislardan farqli o‘laroq nemis shifokorlari uning zaharlanganligini tasdiqlashdi.

Ushbu voqealardan so‘ng Navalniy 31-yanvar kuni Moskvaga qaytib keldi va darhol Sheremetevo aeroportida hibsga olindi. 2-fevral kuni sud «Iv Roshe» ishi doirasida qaror qabul qildi va unga ko‘ra siyosatchi 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo uy qamog‘ida o‘tkazilgan 10 oylik muddatni hisobga olgan holda u umumiy tartibdagi koloniyada 2 yilu 8 oyni o‘tkazadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring