Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘irlab ketilgan bola 38 yildan so‘ng topildi (video+foto)

O‘g‘irlab ketilgan bola 38 yildan so‘ng topildi (video+foto)

Foto: «Daily Mail»

Xitoyda keksa ota-ona 38 yil muqaddam o‘g‘irlab ketilgan o‘g‘li bilan uchrashdi. Bu haqda «Daily Mail» xabar berdi.

Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shensi provinsiyasidagi oila 1982-yil 12-mayda ikki yoshli o‘g‘li Szin Shuy g‘oyib bo‘lgunga qadar baxtli hayot kechirishgan. O‘sha kuni oqshom oila boshlig‘i Su Binde qarindoshlarini ziyorat qilgani yo‘lga otlangan. Tunda qaytib kelishini o‘ylab eshikni qulflamagan: uyda rafiqasi Xuan Jensyu o‘g‘li va qizi bilan qolgan. Tong saxarda ayol yonida uxlab yotgan Szin Shuy yo‘qolganini ko‘rib dahshatga tushgan. Bolakayni izlash uchun butun qishloq ahli oyoqqa turgan, lekin uni topisholmagan.

Otasi o‘g‘li haqida birorta xabar eshitish ilinjida boshqa shaharlarga ham borib-kelgan. Transport xarajatini tejash maqsadida hatto piyoda sayohat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Qayg‘uga botgan onada esa ruhiy muammolar kelib chiqqan. Mahalliy politsiya surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan, biroq bolaning o‘g‘irlanishiga oid ish yopilmasdan qolib ketgan.

38 yildan so‘ng politsiya 70 yoshli ota-onaga o‘g‘li topilgani to‘g‘risida xabar berdi. Milliy ma’lumotlar bazasidagi namunalarni taqqoslash orqali buning uddasidan chiqishdi. 40 yoshni qoralab qo‘ygan Szin Shuy ota-onasidan ming kilometr olisda rafiqasi va ikki nafar o‘g‘li bilan Li Guolin ismi bilan yashab kelgan.

Odam savdosi — Xitoy jamiyatidagi dolzarb muammo. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda har yili turli yoshdagi qariyb 70 mingta bola o‘g‘irlab ketiladi yoki sotib yuboriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring