Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osho hikmatlari: bolani to‘g‘ri javob berishga o‘rgatmang...

Osho hikmatlari: bolani to‘g‘ri javob berishga o‘rgatmang...

foto: istockphoto.com

Hind faylasufi Oshoning (asl ismi Chandra Moxan Jey) «Ijod», «Sir», «Komillik sarhadlari» deb nomlangan mashhur asarlarini o‘qib, yon daftarimga uning quyidagi fikrlarni yozib qo‘yganman...

  • Xudosiz dunyo – telba dunyo. Xudosiz odamda hech vaqo – na ma’no, na mohiyat bo‘ladi. U hatto narsa ham emas. XX asr Xudosiz asr bo‘ldi. Tarixda bu asrdan ko‘ra telba asr bo‘lgan emas. Eng og‘ir gunohlar, qirg‘inbarotlar shu asrda sodir etildi.
  • Eshitmoq, tinglamoq Xudo qasriga kirishning muhim sirlaridan biri.
  • Donishmandlardan ko‘ra donolikka da’vosi bo‘lmagan oddiy kishilar Xudoga yaqinroq bo‘ladilar
  • Ijodkor mo‘jiza yaratmaydi, yarata olmaydi ham. U shunchaki vositachi. Mo‘jiza yaratish, ya’ni yo‘qdan bor qilish – Xudoning ishi.
  • Ijodkor hech kim ko‘rmagan narsani ko‘radi, hech kim eshitmagan sasni eshitadi.
  • Oqillik yonida bir oz telbalik ham bo‘lishi kerak. Daho darajasiga yetgan kishida ham qay bir imkoniyat uyg‘onmay qolib ketgan bo‘ladi.
  • Shoh Jahon sherozlik haykaltaroshni huzuriga chorlab, undan g‘oyat go‘zal haykal yaratib berishni iltimos qildi. Haykaltarosh shohga: «Sen yigirma beshta kanizagingni parda ortiga olib kel, men ularning qo‘lini ushlab, bittasini tanlayman va o‘sha tanlaganimning haykalini yasayman. Agar haykal o‘sha kanizakka o‘xshasa, men unga uylanaman, dedi. Haykal bitdi, uni ko‘rib shoh dong qotib qoldi...
  • Podsho boqqa ishqiboz ekan. Ustozidan maslahat olib, uch yil ter to‘kib, zahmat chekib, go‘zal bog‘ yaratibdi. Ustozi: «Qani bog‘, men uni ko‘rmayapman, qani daraxtlarning yerga to‘kilib yotgan barglari, qani singan, quriy boshlagan shoxchalari? Bu bog‘ haqiqiy emas, sun’iy bog‘ bo‘lib qolibdi», debdi.
  • Baliq qarmoqqa ilinib, qirg‘oqqa otilganidagina suvning qadriga yetadi.
  • Inson o‘z menini yaratmaydi, u o‘z «men»i bilan tug‘iladi. «Men»ni yaratish ham Allohning ishi.
  • Izzat-nafs bor joyda ijod o‘ladi. Izzat-nafs quliga aylangan odam hech qachon ijodkor bo‘lolmaydi.
  • Fan olamni ikkiga bo‘ladi: anglangan va anglanmagan dunyo. Anglangan narsalar bir vaqtlar anglanmagan narsalar edi. Eynshteyn «Bir kun kelib anglanmagan narsa qolmaydi» degan va keyinchalik bu xatosini o‘zi tuzatgan.
  • Bilish – bilmaslikka olib keladi.
  • O‘tmishidan qutulmoqchi bo‘lgan odam kelajagidan ham ayriladi.
  • Bolani to‘g‘ri javob berishga o‘rgatmang. Qanday javob berishni o‘zi qidirib topsin.
  • Jamiyat alohida qarashga ega kishilarni yoqtirmaydi, ulardan qo‘rqadi. Hamma an’anaviy fikrlasin, o‘zgacha bo‘lmasin, savol beraverib, boshimizni qotirmasin, deyishadi. Jamiyat shunday fikrlaydigan, savoli yo‘q, tanqidiy tafakkursiz odamlardan iborat bo‘lsa, unda ular podaga aylanadi. Podani podachining tayog‘i boshqaradi. Tayoq zarbidan qo‘rqqan sigirlar to‘dadan ajralmaydi, to‘da qayoqqa yursa – shu yoqqa yuradi. Bunday jamiyatning rivojlanishi qiyin.
  • Insoniyat tarixidagi barcha buyuk zotlar o‘z jamiyati qoliplariga sig‘magan shaxslardir. Qahramonlarning aksariyati qo‘rqoq bo‘lishga jur’ati yetmagan kishilardir.
  • Nikohdan o‘tish – jamiyatning talabi ekan, uni bajar, albatta. Ammo nikohdan o‘tgach, xayolingga «U endi meniki», degan fikrni yo‘latma. U biror buyum emaski, seniki bo‘lsa. Sen ayolga xo‘jayinlik qilishni boshlasang, u ham senga xo‘jayinlik qilishni boshlaydi. Oqibatda na unda va na senda sevgi qoladi (boshqa bir kitobda o‘qiganim: «Ayolni Ayol maqomida hurmatlang, xotin darajasiga tushirib qo‘ymang»).
  • Ona qornidagi hayot. Homilaga nima kerak bo‘lsa, hammasi muhayyo. Hech narsaga ehtiyoj yo‘q. G‘am-tashvish yo‘q. Ona homilasi uchun taom yeydi, homilasi uchun nafas oladi. Yashash uchun bundan qulay boshqa hech joy yo‘q. Ammo ona qornida yashash – bu yashash emas. Hayot hamisha tashqi olamda.
  • Kiyimning yirtig‘ini yopish uchun unga qancha ko‘p yamoq solinsa, yirtiqligi shuncha ko‘p oshkor bo‘ladi.
  • Rivojlanishdan so‘ng turg‘unlik yuzaga keladi. Bu esa yangi rivojlanish zaruratini keltirib chiqaradi.
  • Sharq botin haqida o‘ylaydi, G‘arb esa bugunni.
  • Eng zo‘r texnologiya yaxshi niyatli odamlar qo‘liga tushsa baxt keltiradi. Yomonlar qo‘liga tushsa kulfat olib keladi.
  • Odam hamisha o‘ziga o‘zi savol berib turishi kerak. Jasoratli odamlargina shunday qila oladilar.
  • Insonda faqat bitta – o‘z «men»ini yo‘qotib qo‘yish qo‘rquvi bor. Har qanday sharoitda o‘zini idora qilishga qodir kishilarda qo‘rquv bo‘lmaydi.
  • Miyangizni ishlating, uni yoriting, bu yorishuvdan bahra oling. Ammo... unda butunlay qolib ketmang.
  • Siz o‘zingizni bilimdon deb hisoblaysizmi? Ko‘p narsani bilishingizga ishonasiz. Ammo boshqa bir bilimdon kishiga duch kelganingizda sizning bilimingiz erib, bug‘ga aylanib ketadi.

(A.Meliboyevning «Siz yozmagan kitob»idan)

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring