Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pentagonning yangi rahbari rasman ish boshladi. Mark Esper haqida nimalarni bilamiz?

Pentagonning yangi rahbari rasman ish boshladi. Mark Esper haqida nimalarni bilamiz?

Foto: «Korrespondent»

Mark Esper AQSh mudofaa vaziri lavozimida rasman ish boshladi. U prezident Donald Tramp huzurida qasamyod qildi. Marosim Oq uydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatildi.

«Mudofaa vazirligini boshqarish uchun Mark Esperdan yaxshisi yo‘q», — dedi Donald Tramp marosimdagi nutqida.

Oq uy rahbarining aytishicha, Esper Vest-Poynt (AQSh armiyasi oliy federal harbiy o‘quv muassasasi)ni bitirgan. Katta tajribaga ega harbiy, xususan, 1990-yillarning boshlarida Iroq urushida qatnashgan. So‘nggi paytlarda (2017-yilning noyabridan beri) AQSh armiyasi vaziri lavozimida ishlab, Trampning aytishicha, «AQSh armiyasini tayyorlash va ta’minlashda hal qiluvchi rolni bajargan».

«U beqiyos mudofaa vaziriga aylanishiga ishonaman», — qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.

Bildirilgan ishonch uchun prezidentga minnatdorligini izhor qilgan Esper o‘z burchi, sha’ni va mamlakatiga sodiqlik bilan xizmat qilishga va’da bergan.

Ma’lumot uchun: AQSh quruqlik qo‘shinlari vaziri Mark Esper sobiq rahbar Jeyms Mettis iste’foga chiqqanidan so‘ng Petagon rahbari vazifasini bajarib kelayotgan Patrik Shenahenning o‘rini iyun oyi oxirida egallagan edi.

Esper nomzodi 15-iyul kuni prezident Tramp tomonidan Kongress yuqori palatasiga taqdim etilgan, 19 iyulda senatning qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan edi.

AQSh Kongressi senatining 23-iyul kungi yakuniy yig‘ilishi qarori bilan Mark Esper uzil-kesil mudofaa vaziriga aylandi: 90 nafar senator yoqlab, 8 nafar senator qarshi ovoz bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring