Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Portugaliya «yonmoqda»  

Portugaliya «yonmoqda»  

Foto: AZERTAC

Bu yilgi iyul Portugaliyada so‘nggi 92 yildagi eng issig‘i bo‘ldi. Mamlakat meteorologiya instituti ma’lumotlari asosida AFP shunday xabar berdi.

Iyulda yuqori harorat Selsiy bo‘yicha o‘rtacha 31,16 darajani tashkil etdi, 47 darajali tarixiy maksimum ham shu oyga to‘g‘ri keldi. Rekord 14-iyul sanasida mamlakat shimolidagi Pinyao meteostansiyasida qayd etildi.

Bu yilgi iyul 2000-yildan beri quruqligi bo‘yicha to‘rtinchisi bo‘ldi — shu oy uchun odatiy yog‘inning atigi 22 foizi yog‘di, deyiladi institut byulletenida.

Oqibatda Portugaliya qurg‘oqchilikdan jiddiy aziyat chekdi: iyulda mamlakat hududining 55 foizi «juda quruq», 45 foizi «o‘ta quruq» sifatida tasniflandi.

Iyul oyida Portugaliya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga yopirilgan qurg‘oqchilik kuchli o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqardi.

Portugaliyada bu yil qish ham ham o‘ziga o‘xshamadi: 1931-yildan beri to‘rtinchi eng issiq va beshinchi eng quruq qish kuzatildi.

Olimlarning fikricha, nafaqat Portugaliya, balki sayyoramiz bo‘ylab takror-takror yuz berayotgan jaziramalar bevosita inson faoliyati oqibatidagi global iqlim isishining natijasi bo‘lib, jaziramalar yanada ko‘payishi, uzoqroq davom etishi va kuchayishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring