Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putinni sudga bergan sobiq gubernator mahkama boshlanmay vafot etdi

Putinni sudga bergan sobiq gubernator mahkama boshlanmay vafot etdi

Foto: TASS

Rossiya tarkibidagi Chuvash Respublikasining sobiq rahbari Mixail Ignatev 58 yoshida vafot etdi. Joriy yil may oyida u koronavirusga chalinib shifoxonaga tushgani haqida xabar berilgan edi.

Salkam 10 yil davomida Chuvash respublikasiga rahbarlik qilgan M.Ignatev joriy yil yanvar oyi davomida ketma-ket jiddiy siyosiy xatolarga yo‘l qo‘ydi.

Bir gal matbuotchilar bayramiga bag‘ishlangan marosimda nutq irod qilgan arbob hokimiyat faoliyatini tanqid qilib, suvni loyqalatayotgan jurnalist va blogerlarning «surobini to‘g‘rilab qo‘yish» lozimligi haqida gapirdi. Bu esa, tabiiyki, keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Yuqori lavozimdagi mulozimning aksildemokratik chaqirig‘idan keyingi shov-shuvlar hali bosilmay turib, u yana bir marta «xol qo‘ydi»: yangi o‘t o‘chirish texnikasi kalitini topshirish payti Favqulodda vaziyatlar vazirligi zobitini xuddi kuchuk bolasini o‘ynatgandek ermak qildi. Ofitser boshi uzra turgan kalitni sakrab olishga majbur bo‘ldi. Mazkur holat aks etgan videolavha Rossiya internet olamini «portlatdi», Chuvash o‘lkasi rahbari tanqidu malomatlar yomg‘iri ostida qoldi. Garchi amaldor keyinroq o‘t o‘chiruvchilarga bo‘lgan yuksak ehtiromi haqida bayonot bergan bo‘lsa-da, g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan edi.

Jamoatchilik bosimi ostida  iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi M.Ignatevni o‘z safidan haydadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2020-yil 29-yanvar kuni M.Ignatevni ishonch yo‘qotgani vajidan lavozimidan bo‘shatdi.

E’tiborga molik jihat shundaki, M.Ignatev joriy yil may oyida prezident  Vladimir Putinning uni lavozimdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmoni ustidan mamlakat Oliy sudiga da’vo arizasi kiritgan edi. Da’vo arizasi joriy yil 30 iyun kuni ko‘rila boshlashi belgilangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring