Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirolicha saroyidagi o‘g‘riliklar fosh bo‘ldi

Qirolicha saroyidagi o‘g‘riliklar fosh bo‘ldi

Foto: «1zoom.ru»

Korol xizmatkori qirolicha Yelizaveta II ning rasmiy qarorgohi — Bukingem saroyidan umumiy qiymati 100 ming funt sterlingga teng qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlaganini tan oldi, deya xabar berdi «Daily Mail» gazetasi.

Avgust oyida London politsiyasi Bukingem saroyidan bir qancha buyumlarni o‘g‘irlaganlikda gumon qilingan qirol xizmatkorlaridan birini hibsga olgani to‘g‘risida xabar bergandik.

Nashrning ma’lum qilishicha, saroyning 37 yoshli xizmatkori Adamo Kanto qirol saroyi boshlig‘i ser Entoni Jonston-Bertga tegishli Bani ritsarlik ordenini o‘g‘irlab, eBay internet-auksionida 350 funt sterlingga sotib yuborgan. Shuningdek, u 2007-yildan 2010-yilgacha qirlo saroyida xizmat qilgan Metyu Sayksga tegishli Viktoriya ritsarlik ordenini ham o‘g‘irlagan.

Bundan tashqari, Kanto boshqa buyumlarni, jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp tashrifi chog‘ida davlat qabuli fotoalbomi va shahzoda Uilyam va Keyt Middlton dastxatlari tushirilgan fotosuratlarni o‘g‘irlaganini tan oldi.

Qirol xizmatkori buyumlarni saroydagi do‘kon, xodimlarning kiyim javoni, «Royal Collection» chiptaxonasi, Qirol Galereyasi qoshidagi do‘kon va Yorklik gersog omboridan o‘margan.

Ta’kidlanishicha, 37 ta buyum eBay orqali haqiqiy bahosidan ancha arzon narxda sotuvga qo‘yilgan.

Okrug sudyasi Kantoni maxsus garov evaziga ozod qildi. Qamoq jazosiga mahkum etilishidan ogohlantirib, uning ishini hukm chiqarish uchun boshqa sudga yubordi.

O‘g‘irlangan buyumlarning hammasini ham qaytarishning iloji bo‘lmadi.

Bukingem saroyi yuz bergan voqea yuzasidan izoh berishdan bosh tortmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring