Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda Markaziy Osiyoning eng katta masjidi ochildi

Qozog‘istonda Markaziy Osiyoning eng katta masjidi ochildi

Foto: Qozog‘iston musulmonlari idorasi

12 avgust kuni Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida Markaziy Osiyodagi eng katta jome’ masjidning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari idorasi xabar berdi.

Marosimda mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev qatnashdi. Gap shundaki, masjidning ilk g‘ishti uch yil avval aynan Elboshi tomonidan qo‘yilgan edi.

«O‘tgan yillar davomida poytaxtda ko‘plab binolar barpo etildi, ularning barchasi muhim, albatta. Ammo ushbu masjid alohida o‘rin tutishini ta’kidlashni istardim. Mustaqillikdan keyin mamlakatning turli hududlarida yangi masjidlar ochilmoqda. 2019 yil mart oyida prezidentlik vakolatim tugashi arafasida ushbu masjidning tamal toshini qo‘ygan edim. O‘shanda mamlakatning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham yonimda edi. Ushbu masjid qurilishiga hissa qo‘shish baxti nasib etgani uchun Allohga shukronalar aytaman», – dedi N.Nazarboyev.

Dunyoning yirik masjidlari ro‘yxatiga kirishi aytilayotgan ibodatgohning umumiy hududi 10 gektarni tashkil etadi. 68 ming kvadrat metr maydonni egallagan masjidga har biri 130 metrli to‘rt minora salobat baxsh etib turadi. Asosiy gumbaz balandligi 83,2 metr, diametri esa 62 metrni tashkil qiladi. Masjid hududida bir paytning o‘zida 235 ming musulmon namoz o‘qishi mumkin. Xonaqoh esa 35 ming kishini bag‘riga sig‘diradi.

Foto: Qozog‘iston musulmonlari idorasi

Majmua tarkibida o‘quv xonalari, nikoh zali, anjumanlar saroyi, qiroatxona, telestudiya, muzey, do‘kon kabi qo‘shimcha inshootlar ham mavjud.

Yirik jome’ masjidning ochilish marosimida Misr, Rossiya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, BAA kabi mamlakatlar diniy ulamolari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov ham ishtirok etdi.
«Kazinform» agentligi xabariga ko‘ra, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev MDH davlatlari diniy peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi Zamir Rakiyev, Rossiya musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Damir Muhiddinov bilan uchrashdi.

Foto: «Kazinform» agentligi

Elboshi ulamolarga masjid ochilishida ishtirok etganlari uchun minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlanishicha, Nursulton shahridagi yangi masjid islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik kabi qadriyatlari timsoli sanaladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring