Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanksiya haqidagi bayonotdan keyin Britaniya elchisi Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi

Sanksiya haqidagi bayonotdan keyin Britaniya elchisi Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi

Buyuk Britaniyaning Nursultondagi elchisi Keti Lich Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shaxrat Nurishevga tayanib xabar berilmoqda.

Gap shundaki, joriy yil 1 mart kuni Buyuk Britaniya parlamenti a’zosi Margaret Hoj tashqi ishlar vaziri Liz Trassdan qirollik «Putinni qo‘llab-quvvatlayotgan» Qozog‘iston hamda Ozarbayjonga nisbatan ham sanksiya joriy etadimi degan mazmunda savol bergan.

«Buyuk Britaniya parlamentida bir deputat shunday bayonot beribdi. Biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlarda bevosita ishtirok etuvchi tomon emasmiz. Shu bois bayonot bizga tushunarsiz bo‘lib qolmoqda», – deydi Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shaxrat Nurishev.

Rasmiy Nursulton ingliz diplomatidan parlament deputatining bayonoti yuzasidan tushuntirish kutmoqda.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev kuni kecha Ukrainadagi urushga munosabat bildirar ekan, tinchliksiz taraqqiyot yo‘qligini ta’kidladi.

«Biz har ikki tomonni o‘zaro muloqotga kirishish hamda masalani tinch yo‘l bilan hal etish yo‘lida bor imkoniyatlarni ishga solishga chorlaymiz. Bundan boshqa maqbul yo‘l yo‘q», – deb bayonot berdi Q.To‘qayev. 

Avvalroq Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra Ukrainaga tegishli bo‘lgan Donetsk va Lugansk hududlari mustaqilligi tan olinmasligini ma’lum qilgandi. Rasmiy Nursulton xalqaro huquq va BMT nizomi tamoyillariga tayanishini ta’kidlagan vazir tomonlarni masalani diplomatik yo‘l bilan yechishga  undagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring