Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahar shovqinidan yiroqda. Ko‘plarni maftun etgan ko‘lga safar (foto)

Shahar shovqinidan yiroqda. Ko‘plarni maftun etgan ko‘lga safar (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Turkiya shimoli-g‘arbida, Bolu viloyatida joylashgan Abant ko‘li sayyohlar qadami uzilmaydigan tabiat maskanlari sirasiga kiradi. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi OAV xodimlari uchun uyushtirgan press-tur doirasida «Xabar.uz» muxbiri ham ushbu so‘lim go‘shaga safar qilib, uning go‘zalligini fotokameraga muhrlashga urindi.

Abant – dengiz sathidan 1328 metr balandda, tog‘ yonbag‘rida hosil  bo‘lgan chuchuk suvli ko‘ldir. Maydoni 128 gektar, chuqurligi 18 metrni tashkil etadi.

Foto: Xabar.uz

To‘rt tomoni baland tog‘  va qalin o‘rmonzor bilan o‘ralgan ko‘l Yaratganning betakror mo‘’jizasidir. Ko‘l  va unga yondosh hududlar – jami 1200 gektarga yaqin maydon milliy park sifatida davlat muhofazasiga olingan. Daraxtlarni kesish, hayvonot olamiga zarar yetkazish ayovsiz jazolanadi.

Abant o‘rmonlarida qarag‘ay, eman, qayin, tol, tilog‘och, archa kabi daraxtlar, bug‘u, qobon, bo‘ri, tulki, ayiq kabi hayvonlarni uchratish mumkin. Umuman, 1220 dan ziyod hayvon va o‘simlik turlarining 60 ga yaqini faqat shu yergagina xos endemik tur sanaladi.

Foto: Xabar.uz

Egey va O‘rtayer dengizi hududidagi kurortlar asosan may – oktyabr oylarida xizmat ko‘rsatadi. Abant ko‘li esa to‘rt faslda ham sayyohlarni o‘z bag‘riga chorlaydi. Darvoqe, qishda suv havzasi muzlab, yanada go‘zal manzara kasb etadi.

Abant milliy parki Istanbul va Anqaradan bir necha soatlik masofada joylashgan. Shunga ko‘ra bu yerga ikki megapolis aholisi ham ko‘p tashrif buyuradi. Sirasini aytganda, shovqin-surondan xoli, osuda milliy park shaharning serg‘alva hayotidan zada bo‘lganlar bahuzur dam oladigan maskandir.

Foto: Xabar.uz

Mahalliy aholining aytishicha, keyingi yillarda ko‘l atrofidan uy va dacha xarid qilish ko‘paygan. Ayni choqda tabiat bag‘rida yangi dam olish maskanlari barpo etish ham davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring