Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq bosh vazir yuzlab odamlarning o‘limida ayblanmoqda

Sobiq bosh vazir yuzlab odamlarning o‘limida ayblanmoqda

Foto: “Reuters”

Fransiya poytaxti Parijda Iroqning sobiq bosh vaziri Odil Abdul Mahdiyga qarshi da’vo arizasi ro‘yxatga olindi. Sobiq arbob qatliomda ayblanmoqda. Bu haqda da’vogarlarning advokati  Jessika Finel matbuotga ma’lum qildi.

Sobiq bosh vazirga qarshi da’vo arizasi Iroqda 2019-yili ro‘y bergan ommaviy norozilik namoyishlari bilan bog‘liq. Ikki yil avvalgi aksilhukumat namoyishlarda 600 ga yaqin odam halok bo‘lgan, minglab kishi jarohatlangan. Parij mahkamasiga ariza bilan murojaat qilgan da’vogarlarning yaqinlari ham namoyishlarda vafot etgan, yana ayrimlari bedarak yo‘qolgan. 

Advokat J.Finelning ta’kidlashicha, Iroq konstitutsiyasiga ko‘ra fuqarolar hukumat siyosatidan noroziligini namoyishlar shaklida bildirishi mumkin. Ammo 2019-yilgi namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirilgan. Huquq himoyachilari va tergovchilar ko‘p sonli odamlarning o‘limiga kuchishlatar tizim vakillarining g‘ayriqonuniy harakati, jumladan jangovar qurollardan foydalangani sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda.

Advokat Finel Iroqda ikki yil avval ro‘y bergan fojiada hukumat rahbari Odil Abdul Mahdiyni ayblagan.

«Bosh vazir vakolat majburiyatiga qaramay, jinoyatlarni to‘xtatish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni ko‘rmagan. U mamlakatda xo‘jasizlik avj olishiga yo‘l qo‘yib bergan, oqibatda esa o‘limlar soni keskin oshgan», – deydi advokat J.Finel.

Da’vogarlarning aynan Fransiya huquq idoralariga murojaat qilgani bejiz emas. Avvalo, Fransiya xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilish vakolatiga ega. Qolaversa, sobiq bosh vazir Odil Abdul Mahdiy uzoq yillar mazkur mamlakatda istiqomat qilgan.

Odil Abdul Mahdiy 2018-yil 25-oktyabr kuni Iroq bosh vaziri kursisini egalladi. Oradan bir yil o‘tib butun mamlakat norozilik to‘lqini domida qoldi. Ishsizlik va korrupsiya sabab o‘n minglab iroqliklar ko‘chaga chiqdi. Namoyishchilar hukumatdagi o‘g‘ri va korrupsionerlar iste’fo bermaguncha norozilik aksiyasi davom etishini e’lon qildi.

Norozilik namoyishlar to‘lqinida bosh vazir Odil Abdul Mahdiy hukumat tarkibini qayta ko‘rib chiqish, amaldorlarning maoshini kamaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida amaliy harakatlar qilishga so‘z berdi. Ammo namoyishlar davomida yuzlab odam halok bo‘lgani, minglab kishi jarohatlangani rasmiy hukumatga qarshi kayfiyatni yanada kuchaytirdi. Bosh vazir 2019-yil 1-dekabr kuni iste’fo berishga majbur bo‘ldi.

Iroq neft zaxirasi bo‘ycha dunyoning to‘rtinchi mamlakati sanaladi. Ammo 40 millionli aholining 60 foizi qashshoqlik chegarasida kun ko‘rmoqda. Har olti oiladan bittasi oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekayotir.

Ishsizlik, ayniqsa, navqiron avlod vakillari orasida kuchli. Mamlakat yoshlarining 25 foizi tayinli daromad manbaiga ega emas.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar ham hukumatdan jiddiy choralar ko‘rishni talab etadi. Kattagina qismi  «Islom davlati» jangarilari tomonidan vayron etilgan mamlakatni oyoqqa turg‘azish uchun katta harakat va ulkan xarajat lozim.

Ahvol shu darajaga yetdiki, oilaviy an’analar yuksak qadrlangan va bolaparvarligi bilan tilga tushgan Iroqda so‘nggi paytlarda favqulodda holat kuzatilmoqda: ota-onalar tomonidan o‘z farzandini o‘ldirish jinoyati ko‘payib bormoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring