Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«The Washington Post»: Pentagon koronavirusga qarshi kurashish uchun olgan pullarga qurol-yarog‘ sotib oldi

«The Washington Post»: Pentagon koronavirusga qarshi kurashish uchun olgan pullarga qurol-yarog‘ sotib oldi

Foto: «Jason Reed / Reuters»

Pentagon koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun CARES Act iqtisodiyotni kuchaytirish paketiga muvofiq 1 milliard dollar oldi, lekin uni qurol-yarog‘ va zirhli nimchalarga sarfladi, deb yozadi «The Washington Post».

Bundan tashqari, idora reaktiv dvigatellari, dronlar, harbiy kiyimlar va kuzatuv uskunalarini xarid qilgan.

Ta’kidlanishicha, mudofaa pudratchilari COVID-19ga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun «jamg‘armadan yuz millionlab dollar» olgan.

Shuningdek, «Rolls-Royce» va «ArcelorMittal» kompaniyalari «davlat qurilish sanoatini qo‘llab-quvvatlash» uchun taxminan 183 million dollar olishgan, yana o‘n millionlab koinot tadqiqotiga sarflangan.

Gazetaning ta’kidlashicha, harbiy kiyimlar yetkazib beruvchi «American Woolen Company» ham ikki million dollar olgan. Ayrim firmalar nafaqat Pentagondan pul olishgan, balki himoya qilish dasturiga ham kiritilgan. Unga ko‘ra COVID-19 pandemiyasidan aziyat chekayotgan kichik biznesga yordam tariqasida milliardlab dollar ajratilmoqda.

Pentagon vakili Jessika Maksvell CARES Act paketi olingan barcha pullar tibbiy resurslarga sarflanishini talab qilmasligini ma’lum qildi. Maksvellning so‘zlariga qaramay, Demokratik partiya a’zolari zudlik bilan tekshiruv o‘tkazishni talab qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirus tufayli vafot etganlar soni 200 ming kishidan oshib ketdi. AQShning qariyb 30 ta shtatida kasallanishlar soni keskin ko‘paymoqda. Mamlakat koronavirusga chalinganlar bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda. 7 milliondan ortiq kishi kasallangan. 2,6 million bemor COVID-19ga qarshi davolanmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring