Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada 18000 dan ortiq kishi lavozimidan bo‘shatildi

Turkiyada 18000 dan ortiq kishi lavozimidan bo‘shatildi

Bugun, 8-iyul kuni Turkiyada 18000 dan ortiq davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida qaror e’lon qilindi. Bu haqda «France 24» telekanali xabar bermoqda.

Ro‘yxatda nomi keltirilgan 18632 kishidan 9000 dan ortig‘i politsiya xodimi, 6000 tasi esa harbiylardir. Shuningdek, adliya vazirligining 1000 nafar, ta’lim vazirligining 650 nafar xodimi ham o‘z lavozimidan ozod etilgan. Bundan tashqari, 12 ta tashkilot, 3 ta gazeta va 1 ta telekanal ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Ko‘plab OAVlar bu qarorni 2016-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan davlat to‘ntarishiga urinishning ertasi kuni joriy qilingan favqulodda holat davridagi so‘nggi qaror deya baholamoqda.

Xabarlarga qaraganda, ushbu favqulodda holat qayta saylangan prezident Rajab Tayyib Erdo‘g‘onning 9-iyul kuni o‘tkaziladigan qasamyod marosimidan so‘ng nihoyasiga yetadi. Favqulodda holatni bekor qilish esa Erdo‘g‘onning saylovoldi dasturidan joy olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada shu yilning 24-iyun kuni muddatidan oldin prezident va parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on g‘alaba qozondi va Turkiyaning yangi boshqaruv siyosatidagi ilk prezidentga aylandi. Gap shundaki, Turkiyada shu paytga qadar parlament boshqaruvidagi respublika tuzumi amal qilar edi. Ushbu saylovdan keyin esa davlat prezident boshqaruvidagi respublika tuzumiga o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring