Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkmaniston: O‘quvchilar maktabga dori qutisi bilan kelishi lozim, aks holda...

Turkmaniston: O‘quvchilar maktabga dori qutisi bilan kelishi lozim, aks holda...

Foto: «Turkmenportal.com»

Turkmanistonning Lebap viloyatida maktab o‘quvchilariga qizilmiya damlamasini olib yurish majburiyati yuklandi. Qishki ta’til yakunlanib, 18-yanvardan o‘qish boshlangach, har bir o‘quvchi maktabga dori qutisi bilan kelishi lozim. Qutida qizilmiya siropidan tashqari antiseptik, besh dona tibbiy niqob, rezina qo‘lqop hamda oksalin mazi bo‘lishi talab etiladi. Ushbu talabni buzgan o‘quvchilarning ota-onalari hamda ustozlari jarimaga tortiladi.

Mahalliy davlat tashkilotlari xodimlari ham qizilmiya damlamasi va boshqa gigiyenik vositalarni o‘z ichiga olgan tibbiy quti bilan kelish borasida ogohlantirilgan. Qutisiz kelgan xodimlar ishxonaga qo‘yilmasligi uqtirilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2020-yil dekabr oyida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov COVID-19ga qarshi kurashda xalq tabobatida keng qo‘llanuvchi giyoh – qizilmiyadan foydalanishni tavsiya qilgan edi. Hukumatning onlayn majlisida nutq irod qilgan prezident qizilmiyaning koronavirusga qarshi xususiyatlarini tadqiq etish muhimligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, ushbu giyoh ildizidan allergiya, shamollash, bronxial astma hamda virusli kasalliklarga qarshi 350 dan ziyod turdagi dori-darmon tayyorlanadi. Gurbanguli Berdimuhamedov muallifligida chop etilgan «Turkmanistonning dorivor o‘simliklari» kitobida ham qizilmiya ildizining shifobaxsh xususiyatlari batafsil bayon qilingan.

Turkmaniston Markaziy Osiyo davlatlari orasida COVID-19 infeksiyasi tarqalishi rasman qayd etilmagan yagona davlat sanaladi. 2020-yil mart oyida davlat OAVga «koronavirus» istilohini ishlatish ham man etilgan.

Rasmiy Ashxobodga ko‘ra, mamlakatda koronavirus yuqishi bilan bog‘liq birorta holat ro‘yxatga olinmagan. Ammo mamlakatda niqob rejimi hamda boshqa bir qator cheklovlar amal qilmoqda. Xususan, 50 yoshdan oshgan fuqarolarning harakatlanishi cheklangan.

2020-yil sentyabr oyida esa Turkmaniston hukumati koronavirus tarqalishi tahdidi ta’sirida yuqumli xastaliklardan davolanishdan bosh tortgan yoki shifoxonadan qochgan bemorlar uchun jinoiy javobgarlik joriy etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring