Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindistonda 9 million odam yashaydigan shaharda suv tugadi. Nimalar bo‘lmoqda?

Hindistonda 9 million odam yashaydigan shaharda suv tugadi. Nimalar bo‘lmoqda?

Foto: «Reuters.com»

Hindistonning Chennai (sobiq Madras) shahrida 9 million odam istiqomat qiladi. Hozir bu yerda o‘tkir suv taqchilligi kuzatilmoqda. Megapolisdagi hayot deyarli to‘xtab qolgan: ko‘plab budjet tashkilotlari, kafelar, restoranlar va mehmonxonalar yopilmoqda.

Shahar hokimiyati suv ta’minotini 40 foizga kamaytirgan. Butun shahar bo‘ylab konditsionerlar o‘chirilgan, kasalxonalar esa bemorlarni qabul qilishga ulgurmayapti. Ko‘plab kompaniyalar xodimlarni uyga jo‘natib yubordi.

IT sohasida faoliyat olib boradigan mahalliy mutaxassislar assotsiatsiyasi rahbari Vinot Kaligayning BBC nashriga ma’lum qilishicha, kompyuter firmalari xodimlari imkon qadar uyda turib ishlamoqda. Ammo bu holat vaziyatni o‘nglash uchun yetarli emas.

«Axir uyda ham vaqti kelib suv tugaydi. O‘shanda biz nima qilamiz?» — deydi Kaligay.

Hindistonda anomal jazirama may oyining o‘rtalarida boshlangan edi. Qurg‘oqchilik natijasida bir necha o‘nlab odamlar qurbon bo‘ldi. 10 iyunda mamlakat poytaxti Nyu-Dehli shahrida issiq ko‘rsatkichi soyada 48 daraja bo‘ldi. Bu rekord demakdir. Hindistonning shimoli-g‘arbidagi Churu shahrida esa termometr 50 darajaga qadar ko‘tarildi.

Global iqlim o‘zgarishi tufayli yil o‘tgani sari yog‘ingarchilik tobora kamroq va qisqa muddatli bo‘lib bormoqda. Ichimlik suvi yetishmovchiligi esa shuningdek yana Moskva, Pekin, Istanbul, London va Tokioga ham xavf solmoqda. O‘tgan yili tarixda birinchi marta zamonamizning yirik shahrida suv tugab qoldi — Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida muammolar yuzaga kelgan edi.

Chennaida esa aholi suv to‘ldirilgan sisternalar kelishini kutib bir necha soat quyosh ostida qolib ketishmoqda. Shahar hokimiyati imkon qadar suv tashib keltirishga urinmoqda. Shaharning boy qatlami suvni xususiy tashuvchilardan sotib oladi. Ammo millionlab odamlar yashaydigan harobalarda buning imkoni yo‘q. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, butun boshli oila 30-40 litr suv bilan kun o‘tkazmoqda. Ma’lumot uchun, AQShda bitta oila o‘rtacha tahminan 1 tonnadan ko‘proq suv sarflaydi.

Shaharda vaziyat qaltislashib bormoqda. Hatto suv idishlari ko‘tarib borayotgan odamlarga va suv sisternalari olib ketayotgan yuk avtomobillariga hujum bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Shahar hokimiyati tomonidan yer osti suvlaridan foydalanishga bo‘lgan urinish ham ish bermadi. Boisi yog‘ingarchilik kam bo‘lgani bois yer osti suvlari ham deyarli qurib qolgan.

Mamlakat hukumati mavjud vaziyatni bartaraf etish uchun yetarli chora-tadbirlarni ko‘rmayapti. Hukumat shunchaki yomg‘irni kutishni maqsad qilgan. Ularning nazdida Chennaini faqat yomg‘ir qutqarib qolishi mumkin.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring