Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazirlar maoshi maxfiy ravishda oshirilgani muxolifatga yoqmadi

Vazirlar maoshi maxfiy ravishda oshirilgani muxolifatga yoqmadi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan maxfiy ravishda vazirlar va ularning muovinlari maoshini oshirgani oradan to‘rt oy o‘tib ma’lum bo‘ldi. Bu haqda xabar bergan «Hetq» nashriga ko‘ra, hukumat rahbari o‘z qo‘l ostidagi mansabdorlar oyligini ko‘tarish haqidagi qarorga joriy yil iyulda imzo chekkan. Hujjatga «maxfiy» tamg‘asi bosilgani sabab jamoatchilik undan bexabar qolgan.

Muxolifat bosh vazirning ushbu xatti-harakatini keskin qoralab, qarorning qonuniyligini shubha ostiga oldi. E’tirozlar ortidan  Nikol Pashinyan qonunchilik idorasida tushuntirish berishga majbur bo‘ldi. Hukumat a’zolari maoshi parlament tomonidan tasdiqlangan mukofot jamg‘armasi hisobidan oshirildi, dedi u.

Hukumat rahbari qarorga «maxfiy» muhri urilganiga ham izoh berib o‘tdi. Qayd etilishicha, avvalgi hukumatlar davrida moddiy rag‘batlantirishga doir barcha qarorlar sir tutilgan. Shu sabab yangi qaror ham eski taomilga ko‘ra «maxfiy» toifaga kiritilgan.

«Yorqin Armaniston» fraksiyasi yetakchisi Edmon Marukyan mansabdorlarning maoshi oshirilishi zarur ekanini ta’kidlagan, ammo mamlakat hayotiga daxldor bu ishning yeng ichida amalga oshirilishini sharmandalik deb atagan. Siyosatchi mudofaa va milliy xavfsizlikdan bo‘lak barcha sohalar xarajati ochiq-oshkora bo‘lishi lozimligini eslatgan.

«Yashnayotgan Armaniston» partiyasi ham bosh vazirning ushbu qarorini tanqidiy baholagan. Partiyaga ko‘ra, hukumat rahbari budjetga daxldor masalani yakka o‘zi hal etishi to‘g‘ri emas. 

Xo‘sh, maxfiy qarordan keyin hukumat a’zolarining maoshi qanchaga yetdi? Hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni paytda Armanistonda vazirlar 1,5 million dram (3100 dollar), vazir muovinlari esa 1,06 million dram (2200 dollar) moyana olmoqda.

Uzoq yillar jurnalist va deputat sifatida faoliyat yuritgan Nikol Pashinyan 2018 yil may oyida ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin hokimiyatga kelgan. U korrupsiyani ildizi bilan quritish va mamlakatni demokratik islohotlar sari boshlashga va’da bergan. Tarafdorlari uni Ernesto Che Gevara, Mahatma Gandi, Nelson Mandela kabi mashhur kurashchilar bilan bir safga qo‘yadi. 

Pashinyan hukumat boshlig‘i sifatida saylanganidan uy oy o‘tib, mamlakatda korrupsiyaga butkul barham berilganini e’lon qilgan. Ammo joriy yil bahorda aynan u tomonidan tayinlangan Davlat nazorat xizmati boshlig‘i David Sanasaryan xizmat vazifasini suiiste’mol qilishda ayblandi. Avvalgi hukumatning bir qator vazirlari va deputatlar ham korrupsiyada ayblanib tergovga tortildi. Sobiq prezident Robert Kocharyan esa konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanib hibsga olingan.

Tahlillarga ko‘ra, qariyb 3 million nufusli Armanistonda o‘rtacha oylik maosh 300-400 dollar, pensiya esa 85 dollarni tashkil etadi. Davlat xizmatchilari, harbiylar, huquq-tartibot idoralari vakillari maoshi boshqa soha vakillaridan ko‘ra ancha yuqori.

Sobiq Ittifoqning aksar mamlakatlarida bo‘lgani kabi arman o‘lkasida ham mehnat muhojirlari hozircha najotkor kuch bo‘lib qolmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring