Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Davr savoli: vaqt tezlashmoqdami?

Davr savoli: vaqt tezlashmoqdami?

Foto: « med.vesti.ru»

Oxirgi paytlar hammamiz vaqt tezlashgani haqidagi fikrlarni tez-tez tilga oladigan bo‘lib qoldik. Bir qarashda bu fikrda mantiq yo‘qdek, hech qachon 25 kunda bir oy o‘tmaganidek, 50 daqiqada bir soat vaqt o‘tib qolmaydi.

Lekin nega unda hammamiz birvarakayiga bu jarayonni his qilmoqdamiz? Buning aniq javobi yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Lekin ayrim fikrlarga e’tibor qaratsak.

Masalan, hozir vaqtning tez o‘tayotgandek tuyulishiga har qadamda ko‘zimiz tushayotgan soatlar sababchi bo‘lmayaptimikan? (soat deganda vaqtni o‘lchovchi asbob — xronometr nazarda tutilmoqda). Axir nima uzluksiz o‘lchanaversa, qadrli, nima qadrli bo‘lsa, tez sarflanayotgandek tuyulmaydimi?

Yaqin-yaqinda ham soat taqish boylik belgisi bo‘lib, kishining ancha ilg‘orlab ketganini anglatardi. Ota-bobolarimizning suratxonalardagi soatlarni vaqtincha taqib, qo‘llarini iyaklariga tirab tushgan suratlarini hammamiz ko‘rganmiz.

Hozir televizor ham aniq vaqtni ko‘rsatib po‘pisa qiladi, hamisha yonimizda yuruvchi uyali telefonlar ekranining yarmini o‘tayotgan va ortga qaytmaydigan fursatlarni anglatayotgan raqamlar egallab olgan, tikilayotgan kompyuterlarimizning bir chetida o‘tayotgan vaqtimiz o‘lchanmoqda. Kamiga bir vaqtlar havas bilan devorlarga ilingan va hanuz tushish niyati bo‘lmagan yirik soatlarimiz har daqiqada bong urib turishibdi. Xullas, poyabzalimizgacha hamma joyda soat bor.

Agar shular bo‘lmasa, tabiat hodisalariga qaraymiz va tong otishi, kun botishi singari jarayonlarga ruhan tayyorlanamiz, aniq muddatlarga ko‘pam bog‘lanavermaymiz va, tabiiyki, o‘tgan fursatlarga bunchalar achinmaymiz, shoshmaymiz...

Balki biz shoshaverganimiz, umrni uzluksiz o‘lchayverganimizdan vaqt tezlashayotganini his qilayotgandirmiz. Yana bir fikr shuki, balki behad ko‘paygan soat(xronometr)larning har biri o‘z ishini «o‘ta a’lo darajada uddalab», bizga atalgan vaqtni bo‘laklarga bo‘lib yulib olib ketayotgandir... Balki, balki...

Harnechuk shunisi aniqki, ikki narsa cheksiz, biri samo, biri vaqt!

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети