Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Muqaddas tushunchalarga daxl qilmang yoxud payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning suratlarini chizish mumkinmi?

Muqaddas tushunchalarga daxl qilmang yoxud payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning suratlarini chizish mumkinmi?

Kollaj: «Xabar.uz»

Bundan roppa-rosa uch yil muqaddam, aniqrog‘i 2015-yilning 7-yanvar kuni Fransiyaning «Sharle Ebdo» hajviy jurnali tahririyatiga terrorchilar hujum uyushtirgan, natijada 12 nafar inson, jumladan, ikki nafar politsiyachi otib o‘ldirilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur terakt jurnal bir necha bor Islom dini payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) tasvirlangan karikaturalarni chop etgani sababli sodir etilgan.

Mazkur haftalikning yaqinda chop etilgan maxsus soni o‘sha mash’um hodisalarga bag‘ishlanib «Konserva bankasidagi uch yil» deb nomlangan.

Jurnal bosh muharriri Loran Surisoning yozishicha, «jurnal savdosidan tushgan daromadning yarmidan ko‘prog‘i tahririyat va uning jurnalistlari xavfsizligini qo‘riqlashga ketmoqda va bu demokratik davlat uchun yarashmaydigan holatdir».

Kim aybdor?

Ha, haqli savol tug‘iladi: mazkur jurnal va uning mualliflari hayoti xavf ostiga tushishiga kim aybdor? Faqat bu savolimizdan xulosa yasashga shoshilmang! Albatta, terrorni hech qanday yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi. Bugun terror balosi butun insoniyatni tahlikaga solmoqda.

Bundan uch yil ilgari Parijda yuz bergan mazkur teraktga undagan sabablar ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ma’lumki, jurnal avvallari ham bir necha marotaba payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ni masxara qiluvchi karikaturalarni chop etgan, bu esa, Islom olamida juda katta noroziliklarga sabab bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, bir qator G‘arb davlatlarning ruhoniylari ham har qanday diniy mazmundagi karikaturalarni chop etishga qarshilik bildirishdi. Mazkur jurnal ushbu mavzuda karikaturalar chop etishni to‘xtatgan bo‘lsa-da, ayrim «ozodlik targ‘ibotchilari» bu holatni so‘z erkinligini bo‘g‘ish deb chiqishdi.

Albatta, insonlarning diniy e’tiqodiga daxl qiluvchi bo‘lar-bo‘lmas materiallarni tarqatishni so‘z erkinligi niqobi bilan xaspo‘shlash kulgili holat, lekin gap hozir bu haqda emas.

Yaxshi otga bir qamchi

Islom payg‘ambari, janob payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) nomi bilan hazillashib bo‘lmasli ilgari ham bir necha bor o‘z isbotini topgandi. Xususan, 2005-yil 30-sentabrda Daniyada ingliz tilida chop etiladigan «Jyllands-Posten» jurnalida ham hazrati payg‘ambarimizni tahqirlovchi suratlar chop etilgan, bu esa millionlab musulmonlarni g‘azabga solgandi. Turli mamlakatlardagi norozilik namoyishlari oylab davom etdi. Ayrim musulmon davlatlari Daniyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga embargo e’lon qilishdi.

Bunday mavzudagi «hazil»larning tagi zil ekanidan tegishli xulosa chiqarmagan fransuz jurnali xodimlari ham ana shu kaltabinlikning qurboni bo‘lishdi. Zotan musulmonlarning sha’ni, g‘ururi bilan o‘ynashish yaxshilikka olib kelmasligi tarixda bir necha isbotini topgandi.

Islom va tasviriy san’at

Shu o‘rinda albatta muqaddas dinimizning tasviriy san’atga munosabati haqida ayrim mulohazalar. Ko‘pgina skeptiklar, islomofoblar o‘ylaganidek, agar Islom san’atga, madaniyatga, ilm-fan taraqqiyotiga qarshi bo‘lganida, o‘rta asrlarda Sharq madaniyati bu qadar gullab yashnamagan, jahon ilm-faniga katta hissa qo‘shgan allomalar yetishib chiqmagan bo‘lardi.

Ma’lumki, Islom dini nozil qilinmasdan avval arablar orasida johiliyat hukm surar, ularning katta qismi turli but va sanamlarga, haykal va suvratlarga sig‘inar edi. Muqaddas dinimiz Allohdan boshqa har qanday zotga va uning suvratiga sig‘inishni man etdi. Biroq Qur’oni Karimda surat chizishni taqiqlovchi birorta oyat uchramaydi. Qolaversa, endilikda musulmonlarning suvratga va haykallarga sig‘inish xavfi yo‘qolgan.

Shuni ham qayd etish kerakki, o‘rta asrlarda arab o‘lkalarida, Movarounnahr va Xurosonda tasviriy san’at taraqqiy etgan. Buyuk allomalarimiz yaratib qoldirgan qo‘lyozma asarlarni miniatyuralarsiz tasavvur etish qiyin. Samarqandu Buxorodagi tarixiy obidalarda sher, ohu, laylak singari qushlar va jonivorlar tasviri uchraydi. XX asr boshida Xiva xonligida qurilgan Nurullaboy saroyida G‘arb tasviriy san’atiga monand suvratlarni ham ko‘rishimiz mumkin.

Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning suvratlari bormi?

Garchi bu savol bir qarashda shakkoklikdek tuyulsa-da, unga javob qaytarish o‘rinli. Darhaqiqat, G‘arb va Sharq musavvirlari Rasululloh (s.a.v.)ning suratlarini qayta-qayta tasvirlashgan.

Samarqand, Buxoro Hirot, Tabriz singari Sharqning azim shaharlarida ko‘chirilgan o‘nlab kitoblarda payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning tasvirlarini uchratish mumkin. Faqat, ul zotning suvratlari boshqalardan ajralib turishi uchun yo yuzlarida oq niqob yopilgan holda yoki boshlari atrofida nurli (olovli) halqa bilan tasvirlashgan.

Masalan, Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiy Ganjaviyning «Hamsa» asarlariga ishlangan miniatyuralar orasida hazrati payg‘ambarimiz (s.a.v) tavsirlarini ham uchratamiz.

1436-yilda Xuroson hukmdori Shohrux Mirzoning topshirig‘iga ko‘ra yozilgan «Me’rojnoma» asari esa, boshdan oxirigacha payg‘ambarimizning me’rojga chiqishlari bilan bog‘liq suratlar bilan to‘ldirilgan. Kitobda oltmishdan ortiq miniatyura bo‘lib, ularda rasulullohning Jabroil (a.s.)dan me’roj xabarini eshitishlari, yetti qavat osmon, jannat va jahannamni borib ko‘rishlari, Arshga chiqishlari, turli farishtalar, g‘aroyib mavjudotlarni uchratishlari aks ettirilgan.

G‘arbda qanday qarashadi?

G‘arb adabiyotida Islom dini va musulmonlarga turli yondashishgan. Pushkin, Gyote, Lev Tolstoy singari yozuvchi va shoirlar islomni ma’rifat va ezgulik dini sifatida talqin qilganlar. Afsuski, Dante Aligeri, Volter singari shaxslarning Islom haqida noto‘g‘ri tasavvurda bo‘lganlari ularning asarlarida ham yaqqol aks etadi.

Shu bois, g‘arb rassomlari orasida payg‘ambarimizni buyuk ma’rifatparvar, olijanob inson sifatida tasvirlashga uringanlar ham uchraydi. Salvador Dali, Ogyust Roden, Uilyam Bleyk, Gyustav Dore singari rassomlar o‘z asarlarida payg‘ambar (s.a.v) siymolariga murojaat qilishgan.

AQSh davlat sudi binosida, jahon tarixidagi bir qator buyuk zotlar qatorida, payg‘ambarimizning ham devoriy tasvirlarini uchratish mumkin. Germaniyada chiqadigan «Shpigel» jurnalida 1999-yili «Axloq posbonlari» nomli tasviriy san’at asari chop etilgan bo‘lib, unda payg‘ambarimiz bilan birga Konfutsiy va Immanuel Kant ham tasvirlangan.

Albatta, bu kabi suvratlar, devoriy tasvirlar ham Islom davlatlari vakillarining e’tiroziga sabab bo‘lgan, biroq turli ommaviy namoyishlarga sabab bo‘lmagandi. Ammo islomiy qadriyatlarni ochiq-oshkor kamsitishga qaratilgan, tahqir va nafratga yo‘g‘rilgan karikaturalar chin ma’noda millionlab musulmonlarni g‘azabga soldi, natijada hatto qonli fojealar ham yuz berdi.

Mantiq va adolat taqozosi

Takror aytamiz, terror, xunrezlik barcha dinlarda, eng avvalo bizning dinimizda qattiq qoralangan. Aksincha, ezgulik, yaratuvchanlik, go‘zallik dinimizda hamisha ulug‘lab kelingan. Islom madaniyati, me’morchiligi, tavsiriy san’ati asrlar davomida dunyo ahlini o‘ziga jalb etib kelgan.

Albatta, payg‘ambarlar, farishtalar, aziz-avliyolar siymosining kino, tasviriy san’at va boshqa sohalardagi talqini haqida aniq xulosa chiqarish, shar’iy ko‘rsatmalar berishga faqat tegishli mutaxassislar, islom ulamolari haqli. Shu bois, o‘tmishda, G‘arbda va Sharqda, beg‘araz ishlangan san’at asarlarida Islom payg‘ambari (s.a.v)ning tasvirlanishi qay darajada to‘g‘ri – bu haqda fikrimizni aytishdan tiyilamiz.

Ammo, diniy qadriyatlarni tahqirlash, buyuk zotlarga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishga hech kimning haqqi yo‘q. Bunday «san’at asarlari»ning taqiqlanishi, ba’zilar jar solayotganidek, «so‘z va ijod erkinligini bo‘g‘ish» emas, balki mantiq va adolat taqozosidir.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети