Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda Telegram orqali narkotik sotgan ikki shaxs ushlandi

Toshkentda Telegram orqali narkotik sotgan ikki shaxs ushlandi

Dunyo miqyosida sintetik giyohvandlik vositalarining tarqalishi, shuningdek, internet tarmoqlari orqali narkotrafikni tashkil etish holatlari tobora ko‘paymoqda. O‘zbekistonda ham mazkur tahdidlarga qarshi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 3-avgust kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari hamkorligida Yashnobod va Chilonzor tumanlarida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirlar davomida 1993-yilda tug‘ilgan shaxs hamda muqaddam Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1 va 2-qismlari hamda 168-moddasi bilan sudlangan, 1992-yilda tug‘ilgan uning jinoiy sherigi Yashnobod tumanida giyohvandlik vositalarini yashirin joylarga joylashtirish, ya’ni zakladka usulida tarqatayotgan vaqtida ushlangan.

Hodisa joyida ularga tegishli Nexia-3 rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, 20 gramm gashish yog‘i aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar 2025 yildan buyon Telegram platformasidagi narkotik do‘konida omborchi sifatida faoliyat yuritib, har oyda qariyb 10 kilogramm turli xil giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan.

Tezkor tadbirlar davomida ularning yashash manzillari ham ko‘zdan kechirilgan. Natijada 2 kilogramm gashish yog‘i, marixuana va gashish, shuningdek, giyohvandlik vositalarini qadoqlash va tarqatish uchun mo‘ljallangan izolenta hamda boshqa ashyolar aniqlangan.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan mazkur tezkor tadbir natijasida jami 2 kilogramm 170 gramm, ya’ni qariyb 10 ming 700 dozaga teng giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan chiqarib qolindi.

Mazkur holat yuzasidan giyohvandlik vositalarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq jinoiy harakat sodir etgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq shubhali holatlar haqida befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda. Bunday ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar «Stopnarko_bot» Telegram boti yoki ekranda ko‘rsatilgan ishonch telefon raqamlari orqali xabar berishlari mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring