Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahalla raisi 300 ming so‘m pora bilan qo‘lga tushdi

Mahalla raisi 300 ming so‘m pora bilan qo‘lga tushdi

Foto: «navoitoday.uz»

Xazorasp tumani «Saidlar» mahallasida yashovchi fuqaro S.A. uy-joyga muhtojligi sababli amaliy yordam so‘rab mahalla raisining qabuliga bordi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B.M murojaatchini uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olishga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritish uchun qo‘shimcha harajatlar borligini bildirdi. Lekin mahalla raisining mansab mavqeidan foydalanib, qo‘l urgan poraxo‘rlik, ta’magirlik harakatlari uzoqqa cho‘zilmadi.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xazorasp tuman bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaro S.A.ning arizasiga asosan tezkor tadbir tashkil etilgan.

Departamentning Xazorasp tuman bo‘limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Xazorasp tumani Pitnak qishlog‘i «Saidlar» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B.M. lavozimi bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi uy-joy masalalari bilan shug‘ullanuvchi jamoatchilik komissiyasining raisi hisoblanib, mahalladoshi S.A.dan yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olishga ehtiyojmand bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatiga kiritish uchun hamda tuman hokimligi tomonidan ajratiladigan yer maydonini ijobiy hal qilib berishni va’da qilganligi aniqlandi. Tadbir davomida mahalla raisi fuqaro S.Aga qilingan va’da evaziga berishi lozim bo‘lgan 300 ming so‘m pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan  qo‘lga olindi.

Xozirda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Xazorasp tuman bo‘limi tomonidan fuqaro B.M.ga  nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring