Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xabar.uz» portali «Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi» tanlovida g‘olib bo‘ldi

«Xabar.uz» portali «Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi» tanlovida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan «Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi» tanlovi tashkil etilgan edi. O‘nta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tanlov o‘z nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali.

Tanlovga ikki oy davomida 170 dan ortiq materiallar kelib tushdi. Tanlov nizomiga muvofiq hakamlar hay’ati ushbu materiallarni o‘rganib chiqib, yashirin ovoz berish yo‘li bilan g‘oliblarni aniqladi.

G‘oliblar:

1. «Huquqiy targ‘ibotdagi fidoiyligi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha:

Muhiddinova Feruza Abdurashidovna – Toshkent davlat yuridik universiteti professori. Respublika miqyosidagi huquqiy targ‘ibot guruhlari faol a’zosi. 100 ga yaqin ilmiy ishlar: monografiyalar, risolalar va ilmiy maqolalar muallifi. Huquqiy targ‘ibotdagi faolligi uchun qator davlat idoralari va tashkilotlarining tashakkurnoma hamda faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

2. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis» nominatsiyasi bo‘yicha:

Xudoyberdiyev Xushnudbek G‘ayratovich – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining Yuridik bo‘limi mudiri o‘rinbosari. Telegram kanalida «Xushnudbek.uz» nomli kanalni yuritadi. Ushbu kanalda ta’lim, mehnat, iste’molchilik huquqi kabi masalalarda mazmunli va qiziqarli kontentlar muntazam ravishda berib boriladi.

3. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist» nominatsiyasi bo‘yicha:

Ergasheva Dilfuza Rustamovna – «Inson va qonun» gazetasi adabiy muharriri, jurnalist, bloger. Huquqiy targ‘ibot yo‘nalishidagi qator materiallari matbuotda va internet sahifalarida e’lon qilingan.

4. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi OAV» nominatsiyasi bo‘yicha:

«O‘zbekiston 24» telekanali – huquqiy targ‘ibot, xususan qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish yo‘nalishida eng faol telekanal.

5. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi bloger» nominatsiyasi bo‘yicha:

Kalonov Bahrom Qosimjonovich – taniqli karikaturachi-rassom. U tomonidan chizilgan birgina #bizkorrupsiyagaqarshimiz» xeshtegi ostidagi turkum karikaturalar telegram, feysbuk va instagram ijtimoiy tarmoqlarida million martadan ortiq ko‘rilgan.

6. «Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi sayt» nominatsiyasi bo‘yicha:

«Xabar.uz» portali – axborot-tahliliy portal. Mazkur saytda fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha muntazam ravishda huquqiy sohadagi axborot-tahliliy materiallar e’lon qilingan.

7. «Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaxshi innovatsion loyiha» nominatsiyasi bo‘yicha:

Gafurov Umid Ilhomovich – Ijtimoiy tarmoqlarda «Troll.uz» nomi bilan mashhur bloger. Ijtimoiy tarmoqlar orqali «#bizkorrupsiyagaqarshimiz» xeshtegi ostida «Korrupsiyaga qarshimiz deb turib...» va «Bir gap bilan ta’limdagi korrupsiya...» nomli seriyali postlari keng ommalashdi. Bu postlar hatto qog‘ozga bosib chiqarilib mas’ul idoralarda devorlarga osib qo‘yilgani haqida axborotlar tarqaldi.

8. «Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha:

Ibragimov Farhod Baxodirovich – Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining katta mutaxassisi. Huquqiy targ‘ibot bo‘yicha mahallalarda tizimli ravishda uchrashuv va davra suhbatlari tashkil qilgan.

9. «Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaqin hamkor» nominatsiyasi bo‘yicha:

«UzReport» telekanali – Huquqiy targ‘ibot tadbirlarini, xususan «Adliya axboroti» nomli brifingni eng faol yorituvchi hamkor telekanal.

10. «Eng yosh huquq targ‘ibotchisi» nominatsiyasi bo‘yicha:

Rubsov Yuriy Aleksandrovich – Farg‘ona viloyati yuridik kolleji bitiruvchisi (18 yosh). Huquqiy targ‘ibotda faol, xususan infografikalar yaratishda yuksak mahoratga ega. Fuqarolik, jinoyat huquqi bo‘yicha turli mazmundagi sifatli infografikalar tayyorlab ulardan targ‘ibot tadbirlarida samarali foydalangan.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring