Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jamshid Qo‘chqorov: «Narx keskin oshishining oldi olinadi»

Jamshid Qo‘chqorov: «Narx keskin oshishining oldi olinadi»

Foto: «Xabar.uz»

Prezident Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Vazirning qayd etishicha, tijorat banklari va O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ko‘rilayotgan choralar natijasida aholiga rublda pul o‘tkazmalari to‘xtovsiz ta’minlangan va bu borada ishlarni davom ettirish topshirilgan.

«Ba’zi tadbirkorlar erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada kreditni qanday to‘lashi haqida tashvishlanayotgan bo‘lishi mumkin. Xabaringiz bor, o‘tgan yilning avgust oyida prezidentimiz tadbirkorlar bilan uchrashuvda ushbu kreditlarni so‘mda to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu mexanizmdan har qanday tadbirkor foydalanishi mumkin», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona to‘lovlarini nolga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu masala bo‘yicha tegishli qaror kiritiladi.

Mehnat muhojirlari muammolarini hal qilish uchun Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari vakillaridan iborat maxsus shtab tashkil etiladi.

Prezident soha va hududlarda har kuni monitoring o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Korxonalarni aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun revolver kreditlash tizimini yanada soddalashtirish muhimligi ta’kidlandi. 

«Transport-logistika masalalarini hal etish, jumladan, Uzbekistan Airways faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha, shu bilan birga, tadbirkorlar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillariga sharoit yaratib berish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Soliq qo‘mitasiga ko‘rsatmalar berildi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avvalroq Moliya vaziri Timur Ishmetov O‘zbekistonda soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlar to‘xtatib turilishini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring